$
12670.05 UZS
37.83
138.00 UZS
3.61
13560.75 UZS
82.17
23° Kechasi 15°

Karimovga suiqasd. Fevral voqealariga 25 yil to‘ldi

10:19 / 16.02.2024

Aksariyat odamlar shunchaki eshitgan, o‘tgan asr kishilaridan ko‘pchiligining yodiga muhrlangan mudhish voqeaga 25 to‘ldi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston mustaqilligiga tahdid, birinchi prezident Islom Karimov va boshqa bir qancha mansabdor shaxslarga suiqasd. Voqea aslida qanday bo‘lgan? Toshkentdagi portlashni kimlar uyushtirgan edi? Bundan ko‘zlangan maqsad nima? Mazkur terrorchilikka Karimov qanday reaksiya bildirgan? Quyidagi maqolada kengroq va batafsil gaplashamiz.

Bugungi avlod vakillari faqatgina eshitgan yoki qayerdadir ko‘zi tushgan, ammo o‘rta yoshli kishilarning yodida yaxshigina qolgan va ayrimlari ko‘zi bilan ko‘rgan 16-fevral voqealariga 25 yil to‘ldi. Poytaxtda sodir etilgan terakt eng katta qo‘poruvchilik harakati deya baholanadi. 1999-yil 16-fevral kuni Toshkentning Mustaqillik maydoni, Ichki ishlar vazirligi va Milliy bank binolari yonida 6 ta portlash yuz beradi. Ulardan beshtasida portlovchi moddalar to‘ldirilgan mashinalar portlatiladi. Portlash natijasida 16 kishi halok bo‘ladi va 100 dan ortiq odam jarohatlanadi.

 
Ayni o‘sha kuni Vazirlar Mahkamasi binosida 1998-yil yakunlari bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tishi va unda prezident Islom Karimov ham qatnashishi kerak edi. Portlashlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat rahbariga va amaldagi konstitutsiyaga qilingan suiqasd va hokimiyatni ag‘darishga qilingan harakat edi.

O‘sha paytda Prezident matbuot kotibi va Oliy Majlis deputati bo‘lgan Azamat Ziyo bu voqealarni shunday eslaydi: “O‘sha kuni taxminan 09:45 larda avtomatdan otilgan o‘q ovozini eshitib qoldik. Keyin men Prezident soqchilarining biridan Prezident kelgan, kelmaganini so‘radim. Soqchi Prezident deyarli kelib bo‘lganini aytdi. Men pastga qarab yugurdim. Shunda 3-qavatlarga yetganimda judayam kuchli portlash sodir bo‘ldi”.


Azamat Ziyoning eslashicha, u Islom Karimovni xavfsiz joyga ketishga undagan. Ammo davlat rahbari bunga javoban: “Bu gapni bir marta gapirding, boshqa gapirmagin! Bu nafaqat menga qaratilgan, balki eng avvalo, xalqimizga, davlatimizga va mustaqilligimizga qarshi qaratilgan xurujdir”, degan va aynan portlashlar sodir bo‘lgan joyga yo‘l olgan.

MXX rahbari Rustam Inoyatov va ichki ishlar vaziri Zokirjon Almatov hamrohligida Islom Karimov portlash yuz bergan joylarga borib, shaxsan o‘zi ko‘zdan kechiradi. Odatda ko‘rinish bermaydigan prezident qo‘riqchilari avtomatlar bilan davlat rahbariga zich yurib, harakatlanadi.

 
Hali terroristik harakatlar tugamagan bir paytda prezident voqea joyidan turib, xalqqa murojaat yo‘llaydi: “Mana shu binoda shkastlangan va yaralangan insonlar bor. O‘ylaymanki, bunga kimdir chuqur tayyorgarlik ko‘rgan. Maqsadi prezidentni yo‘q qilish, xalqimizning tinchligini buzish va kerak bo‘lsa qo‘rqitish, odamlarning yuragiga vahima kirgizish. Mana, O‘zbekistonda tinchlik buzildi, mana bizlarning kuchimiz bor, ta’sir qila olamiz va kerak bo‘lsa, O‘zbekistonni yo‘ldan bura olamiz deb kimdir katta tayyorgarlik ko‘rgan. Lekin bizning qudratimiz va kuchimiz yetarli. Bizni hech qanday kuch yo‘ldan urolmaydi. O‘ylaymanki, bugungi olib borayotgan siyosatimizni xalqimiz qo‘llab-quvvatlaydi. Biz uchun eng katta kuch shu. Mana shu joydan turib, xalqimizga murojaat qilib aytmoqchiman: vahima bo‘lmasin, agar menga yordam bermoqchi bo‘lsangiz vahima bo‘lmasin. Kuchimiz yetadi bularni joy-joyiga qo‘yishga, nafaqat joyiga qo‘yishga, balki bu muttahamlarning qo‘lini kesib, tashlashga ham qurbimiz yetadi, kuchimiz yetadi. Xalqimiz shuni bilsin”. Karimov intervyu berayotgan bir paytda orqa tomonda yana bir portlash yuz beradi.


Bu paytda odatdagi tartibda ishlayotgan markaziy telekanalda “Shaytanat” serialining namoyishi ketayotgandi. Efir to‘xtatiladi va shoshilinch tarzda portlashlar haqida xabar beriladi. Keyinchalik axborot dasturlarida gumonlanuvchi shaxslar suratlari ham ko‘rsatiladi va ularni qo‘lga olishda asosli xabar yo‘llaganlarga 240 ming AQSh dollari miqdorida mukofot puli va’da qilinadi.


Asosiy gumondorlar sifatida diniy radikalizm yo‘lini tutganlar ko‘rildi. Umuman, mustaqillikka erishgan O‘zbekistonda 1999-yilga qadar ham vahobiylik degan umumiy nom ostida aqidaparastlik, diniy radikalizmga qarshi kurash boshlangan, ko‘pchilik javobgarlikka ham tortilgan edi.


Mazkur voqealardan keyin O‘zbekistonda xavfsizlik masalalarida keskin qarorlar qabul qilinadi, asosiy binolar to‘sib olinadi va qo‘riqlashga jiddiy ahamiyat beriladi, MXX vakolatlari kengaytiriladi, aqidaparastlik, radikalizm bo‘yicha javobgarlik kuchaytiriladi, juda ko‘pchilik bu ayblovlar bilan hibsga olinadi. Portlashlarda ishtirok etgan bir necha jinoyatchilar sud hukmi bilan oliy jazoga yoki uzoq muddatli qamoq jazolariga hukm qilinadi.


Oradan 3 kun o‘tib, Ostona shahridagi sammitda ishtirok etgan Islom Karimov matbuot anjumanida voqealar bo‘yicha va portlashlar xronologiyasi to‘g‘risida so‘zlab berdi:

“16-fevral kuni Toshkent shahrida ro‘y bergan terroristik hujumlar haqida uch qismga bo‘lib javob bermoqchiman. Birinchidan, ushbu teraktlar davlat rahbarini mamlakat tepasidan olib tashlash uchun amalga oshirildi desam ham bo‘ladi. Yanada qo‘polroq qilib aytadigan bo‘lsam, prezidentni o‘ldirish maqsadida amalga oshirildi. Odatda men majlislarga 10-15 daqiqa oldinroq kelaman. Lekin shu kuni ozroq kech qoldim, balki Alloh meni saqlagani shudir. Portlovchi moddalar to‘ldirilgan mashina bino yoniga qo‘yib ketilgan, undan tushib qochgan ikki yigit avtomatlarda o‘q uzishgan. Mana shu paytda men o‘tirgan mashina hududga kirib kelayotgan bo‘lgan. Qo‘riqlash xizmatimiz boshlig‘i Rustam Xodjayev oldimizga yugurib chiqib, qichqirib yo‘ldan qaytardi va shu tarzda mashinani to‘xtatib, mening hayotimni qutqarib qoldi. Agar yana 3-4 soniya yurganimizda portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan mashina yoniga kelardik va mashinamiz ham portlab ketardi."


Ekspertlarning fikricha, portlovchi moddalar joylangan mashinalarning hammasi masofadan turib portlatilgan. Portlash shunchalik kuchli bo‘lganki, o‘sha mashina parchalari 500 metrgacha uchib ketgan. Qolgan barcha portlashlar chalg‘ituvchi bo‘lgan.

Portlashlarni kim uyushtirgan degan savolga kelsak, bizga ma’lum bo‘lishicha, ular diniy ekstremistlardir. Buning ortida kim turibdi, degan savolga hozircha javob bera olmayman”.

Shundan so‘ng, mazkur voqealar yuzasidan ko‘plab kishilar hibsga olinib, bir qancha shaxslar qidiruvga beriladi. Begunoh odamlarning qoni to‘kilgan, yuzlab insonlar jarohatlangan mudhish voqeaga 25 yil to‘ldi. Bu jarayon aholining e’tiroziga sabab bo‘lib, katta iqtisodiy zarar ham keltirgan edi.

                                                                                                                                                                    Ilyos Boltayev tayyorladi.


Bu ham qiziq

Ayni vaqtda Yerda 7 ballik magnit bo‘ronlari kuzatilmoqda

Ayni vaqtda Yerda 7 ballik magnit bo‘ronlari kuzatilmoqda

Bu haqda Meteoprog xabar berdi.
12:03 / 03.05.2024
O‘zbekiston Prezidenti Qirg‘iziston bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish muhimligini qayd etdi

O‘zbekiston Prezidenti Qirg‘iziston bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish muhimligini qayd etdi

Uchrashuvda Qambarota GES-1 va “Xitoy – Qirg‘iziston - O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish loyihalarining amaliy jihatlariga a…
15:54 / 02.05.2024
Coca Cola eng ko‘p chiqindi chiqaruvchi brend hisoblanadi

Coca Cola eng ko‘p chiqindi chiqaruvchi brend hisoblanadi

Ushbu kompaniyalar aniqlangan chiqindilarning deyarli 25 foizini tashkil qiladi.
14:48 / 02.05.2024
Haddan tashqari issiqlik tufayli Osiyodagi maktablar darslarni to‘xtatdi

Haddan tashqari issiqlik tufayli Osiyodagi maktablar darslarni to‘xtatdi

Hindistonning Kerala shtatida 29-aprel kuni issiq urishi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi.
15:36 / 03.05.2024
Johnson & Johnson chaqaloqlar upasida saraton chaqiruvchi asbestlar mavjudligi aytilmoqda

Johnson & Johnson chaqaloqlar upasida saraton chaqiruvchi asbestlar mavjudligi aytilmoqda

Johnson & Johnson 25 yil davomida 6,5 milliard dollar to‘lashni rejalashtirmoqda.
12:41 / 03.05.2024
Ayol rekord darajadagi baliqni ovladi

Ayol rekord darajadagi baliqni ovladi

Eslatib o‘tamiz, avvalgi rekord baliq 30,8 kilogrammni tashkil qilgan.
09:54 / 03.05.2024
Mirziyoyev Putinning yordamchisi bilan uchrashdi

Mirziyoyev Putinning yordamchisi bilan uchrashdi

Uchrashuv avvalida Maksim Oreshkin davlatimiz rahbariga Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini…
20:14 / 02.05.2024
Termiz hayvonot bog‘ida hayvonlar uchun elektron pasport tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda

Termiz hayvonot bog‘ida hayvonlar uchun elektron pasport tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda

U yerda jami 488 bosh noyob hayvonlar saqlanmoqda.
14:08 / 02.05.2024
Bayden noroziliklar uning Isroilga nisbatan siyosatini o‘zgartirmasligini aytdi

Bayden noroziliklar uning Isroilga nisbatan siyosatini o‘zgartirmasligini aytdi

Shu bilan birga, norozilik namoyishlari uning yaqin Sharq mintaqasiga nisbatan siyosatini o‘zgartirishga olib keldimi, degan…
09:28 / 03.05.2024
Binance kriptobirjasi asoschisi XAMASga o‘tkazmalarni yashirishda ayblanmoqda

Binance kriptobirjasi asoschisi XAMASga o‘tkazmalarni yashirishda ayblanmoqda

Prokurorlar unga uch yillik qamoq jazosini so‘ragan edi.
09:53 / 03.05.2024

O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!

O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!