"Izvestiya": Koronavirus Uxan laboratoriyasida yaratilgan va bunda AQShning qo‘li bor!

  • 18:12 / 26.03.2020
  • 2452

Koronavirus infeksiyasining sun’iy kelib chiqishi xususida dunyo matbuotida yangi ma’lumotlar paydo bo‘ldi. “Izvestiya” gazetasining ma’lum qilishicha, AQSh hukumati patogenlar, jumladan gripp, MERS, SARS viruslarini kuchaytirishga qaratilgan tadqiqotlarni moliyalashtirishga vaqtincha moratoriy e’lon qilganiga qaramay, ushbu sohadagi ishlar maxsus ruxsatnoma asosida qayta davom ettirilgan. Bundan tashqari, sun’iy yaratilgan koronavirus mutantidan ikkilamchi maqsadda foydalanish ham Amerika tomonidan ma’qullangan. Olimlar ham ishtirok etgan Uxan virusologiya instituti laboratoriyasida 2015-yildayoq xavfning eng yuqori darajasi e’lon qilingan edi. Xuddi shu yili Uxanda koronavirusning gibrid versiyasini yaratish bo‘yicha xavfli tajribalar o‘tkazilayotgani to‘g‘risida ilmiy maqolalar e’lon qilingandi. 

Gibrid virus
2015-yil 9-noyabrda “Nature Medicine” jurnalida 15 nafar muallif tomonidan imzolangan maqola e’lon qilindi. Mualliflarning 13 nafari Chapel-Xilldagi Shimoliy Karolina universiteti olimlari bo‘lib, qolgan ikki nafari Uxan virusologiya institutining maxsus patogenlar va biologik xavfsizlik laboratoriyasi yetakchi xodimlari edi.

Jurnal sahifalarida olimlar sun’iy patogenni yaratish va uni kalamush hamda inson o‘pka to‘qimalariga yuqtirish borasidagi tadqiqotlarini bayon qilishgan. Maqolaga ko‘ra, ushbu ilmiy ishning maqsadi – patogen paydo bo‘lganida xavfning oldini olish va SARS tipidagi viruslar keltirib chiqaradigan kasalliklarning potensialini o‘rganish edi. 

Mazkur maqolada keltirilgan faktlar odamni o‘ziga jalb qiladi. Unda aytilishicha, SARSga o‘xshash patogen xususiyatga ega koronaviruslar AQSh armiyasining yuqumli kasalliklar institutidan olingan Vero E6 hujayralarida yetishtirilgan. 
Keyinroq esa tajribada foydalanilayotgan inson o‘pkasini noqonuniy yo‘l bilan sotib olishlari ma’lum bo‘ldi. Bundan kelib chiqadiki, olimlar mazkur gibrid koronavirusni aynan inson o‘pkasiga yuqtirish maqsadida o‘ylab topganlar. 

Xavfsizlik darajasi yuqori bo‘lgan
O‘sha maqolada aytilishicha, tajriba davomida tadqiqotchilarning salomatligiga katta e’tibor qaratishgan. Hatto obyektga ham maxsus elektron karta yordamida qo‘l tekkizish mumkin edi. Bundan tashqari, barcha xodimlar respirator hamda havoni tozalash vositalaridan to‘g‘ri foydalanish borasida ogohlantirilgan. Ikki qavatli qo‘lqop va maxsus libosda bo‘lishgan.
Qizig‘i shundaki, 2015-yilda Uxan laboratoriyasida 3-4-darajali xavfsizlik choralari qo‘llanilgan. Shu tariqa mazkur laboratoriya eng xavfli “bunker”lar yigirmataligiga kiritilgan. 

Maxsus ruxsatnoma
2014-yilda AQSh hukumati patogen funksiyasi yaxshilangan gripp, MERS va SARS viruslarini o‘z ichiga olgan individual tadqiqot natijalarini  moliyalashtirishni to‘xtatib qo‘ydi. Bu qaror olimlar orasida ushbu xavfli yo‘nalishda yana tadqiqot olib borish kerakmi, degan qizg‘in munozarani ko‘ndalang qo‘ydi. Munozaralar avjiga chiqqan mahal Milliy sog‘liqni saqlash institutlari (NIH) “SARSga o‘xshash yuqumli viruslarning yuqumli klonlarini ko‘rshapalaklarda yaratish” loyihasi bo‘yicha olimlarning murojaatini ko‘rib chiqdi. Maqolada aytilishicha, ushbu tadqiqotlar AQSh hukumati tomonidan moratoriy e’lon qilinishidan avval boshlangan. Olimlar ushbu yo‘nalishda izlanishni davom ettirmoqchi bo‘lishgan va bu qaror NIH tomonidan ma’qullangan.

Odamlarga yuqishi
Olimlar yangi turdagi koronavirusni yaratib bo‘lgach, uni asosan sichqonlarda sinab ko‘rishdi. Buni qarangki, bu infeksiyadan sichqonlarning asosan keksa vakillari halok bo‘lgan.

Tadqiqotchilar inson epiteliy hujayralariga bu virusni yuborishganida u odamning nafas olish yo‘llarida surunkali infeksiya paydo qiladi, degan xulosaga kelishdi.
Qizig‘i shundaki, mazkur tadqiqotlarda xitoylik olimlar – Ge Sin-Yi hamda Shi Chjenli muhim rol o‘ynagan. Ular uzoq yillar davomida Uxan virusologiya institutida faoliyat yuritishgan. Shi Chjenli – mashhur tadqiqotchi ayollardan biri sanaladi.

Oxirgi yillarda Shi Chjenli “Yangi pandemik tahdidlar” (559,500 AQSh dollari), “Ko‘rshapalaklar keltirib chiqaruvchi koronaviruslarning ekologiyasi va kelajakda koronavirus paydo bo‘lish xavfi” (665 000 AQSh dollari), “SARSga o‘xshash koronaviruslarni moslashtirishning evolyutsion mexanizmi” (665 000 AQSh dollari), loyihalariga rahbarlik qildi. 

Bu esa o‘ta shubhali, shunday emasmi?!
Xitoyda koronavirus bilan bog‘liq pandemiya kelib chiqqach, Shi Chjenli nomiga ayblovlar yog‘ilib ketdi. Xitoy ijtimoiy tarmoqlarida Uxan instituti virus o‘chog‘i bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminlar bolaladi. Bu ayblovlarga Shi: “O‘z hayotim bilan ont ichaman, virusning bizning laboratoriya bilan hech qanday bog‘liqlik joyi yo‘q”, – deb javob qilgan