"Qora tuynuk"ni eslatuvchi BMW X6 ning 3-avlod modeli yaratildi

  • 19:41 / 05.09.2019
  • 571

Dunyodagi eng qora avtomashinani koʻrishni xohlarmidingiz? Avvallari buning imkoni yoʻq edi, ammo endi bor!

BMW konserni omma eʼtiboriga X6 modelini taqdim qildi va u Vantablack (bizga maʼlum qora ranglar ichidagi eng qora rangli modda) bilan qoplangani bilan boshqalaridan ajralib turadi

Vantablack qoplamali uchinchi avlod BMW X6 modelini 12–22-sentyabr kunlari Frankfurtdagi avtosalonida koʻrish mumkin boʻladi. Ushbu avtomobil uchun qoplamaning VBx2 deb nomlangan versiyasi ishlatilgan boʻlib, uning oʻzidan nur qaytarish ulushi 1 foizni tashkil qiladi, xolos. Shu 1 foiz nurning qaytishi evazigagina siz tunda kupe-krossover kuzovining ayrim chiziqlarini (masalan, eshik tutqichlaridagi) koʻra olasiz.  

Koʻpchilik uchun notanish boʻlgan “Vantablack” tushunchasi nimani anglatadi va uni qanday tasavvur qilishimiz kerak?

Vantablack (ing. vertically aligned nanotube arrays, yaʼni “vertikal yoʻnaltirilgan nanotruba massivlari” + black “qora”) qora ranglar ichidagi eng qorasi boʻlib, taqqoslash uchun koʻmirni misol qilib olish mumkin. Yaʼni eng qora koʻmirning qoraligi 96 foiz boʻlsa, uglerod nanotrubalaridan hosil boʻlgan ushbu moddaning qoraligi 99,965 foiz koʻrsatkichga egadir. Ilk marta ushbu “qoralik” 2014-yilning iyul oyida Buyuk Britaniyaning Milliy Fizika laboratoriyasi tadqiqotchilari va Farnboro avikompaniyasiga qarashli Surrey NanoSystems hamkorligida jamoatchilikka taqdim qilingandi.

Qoplama yorugʻlikni shunchalik faol ravishda yutadiki, hatto lazer naychasidan yoʻnaltirilgan nurni ham aks ettirmaydi. Ammo bu boʻyoq turini avtomobillar uchun ishlatib boʻlmaydi, deyishyapti izlanuvchilar. Ularning aytishicha, bu tur tashqi taʼsirlarga ko‘p ham chidamli emas. 

Mazkur moddaning bu kabi xususiyatlari bir qator notabiiy effektlarni yuzaga keltiradi: moddiy hajmga ega jism inson koʻzi oʻnggida vizual ravishda oʻz shaklini yoʻqotadi, inson koʻzi ushbu qoplamani mutlaq qorongʻulik deb qabul qiladi. Shuningdek, Vantablack qoplamasidagi biror jismda simmetrik boʻlmagan jihatlar boʻlsa, bu kamchiliklarni koʻrish imkoni ham yoʻq. Ammo bu yutuqmi yoki kamchilik – mana bunisi qiziq!

Ushbu modda kishida “qora tuynuk”ka qaragandek tasavvur uygʻotishidan tashqari, issiqlik oʻtkazishda misdan koʻra 7,5 barobar koʻproq va chidamlilikda esa poʻlatdan 10 barobarga ortiqroq natijani koʻrsatar ekan.

Vantablack xira va uzoqdagi obyektlarni kuzatishga moʻljallangan teleskopning ichki qismini ishlashda ham qoʻllaniladi. Shuningdek, bu modda quyosh batareyalari va infraqizil datchiklarning faoliyati samaradorligini oshirish uchun ham ishlatilishi mumkin.

Vantablack moddasidan oldin ham foydalanilgan. Britaniyalik arxitektor Osif Xon Pxyonchxanda (Janubiy Korea) boʻlib oʻtgan Qishki Olimpiya oʻyinlarida “Dunyodagi eng qora zulmat” deb nomlangan binoni taqdim qilgandi. Bu Hyundai avtokompaniyasiga tegishli pavilyon boʻlib, uning ichi zimiston kechadagi miltirab turgan yulduzlar kabi porlovchi mayda chiroqlar bilan bezatilgandi.