"The Abu Dhabi Uzbek Fund" ko‘magida Toshkentdagi yirik mehmonxonalardan biri xususiylashtiriladi

  • 18:01 / 14.01.2020
  • 67

Foto: Prezident Matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklariga qilgan oliy darajadagi tashrifi yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 24-26-mart kunlari BAAga oshirgan rasmiy tashrifida ikki tomonlama hamkorlikka erishilgan.

Tashrif yakunida hukumatlararo va idoralararo salmoqli hujjatlar to‘plami, shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsion bitimlar imzolangan. Xususan, BAA bilan umumiy qiymati 10 mlrd. dollardan ortiq qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.

Jumladan, energetika, infratuzilmani rivojlantirish, neft-gaz, kimyo va neft-kimyo, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati, turizm va boshqa sohalarda qator loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Yig‘ilishda BAA ishtirokida 1 mlrd. dollarlik kapitalga ega "The Abu Dhabi Uzbek Fund" investitsiya fondi tashkil etilgani ta’kidlandi. Ushbu jamg‘arma mablag‘lari hisobidan kichik va o‘rta loyihalarni, shuningdek, Samarqand shahrida mehmonxona qurish, Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasi xususiylashtirilishini moliyalashtirish ma’qullandi.