“Apple” O‘zbekistonga soliq to‘lay boshladi

  • 01:43 / 12.05.2020
  • 192

Tarixdagi eng yirik kapitallashgan korporasiya – Apple Distribution International Limited O‘zbekistonda ixtiyoriy ravishda QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tdi va I chorakdagi faoliyati natijalariga ko‘ra, davlat byudjetiga 59,2 ming AQSh dollari miqdorida soliq to‘ladi, deya ma’lum qilmoqda Xabardor.uz muxbiri Davlat soliq qo‘mitasi Matbuot xizmatiga tayanib.
 
Qayd etilishicha, bugunga qadar O‘zbekistonda elektron xizmat ko‘rsatayotgan 10 ta chet el kompaniyasi “Internet-kompaniyalarning QQS ofisi” orqali qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tdi.
 
Joriy yilning 24-aprel kuni O‘zbekiston hududida elektron xizmat ko‘rsatuvchi xorij kompaniyasi – “Google Commerce Limited” ham QQS to‘lovini amalga oshirgan edi.
 
Bundan tashqari, filmlar va seriallar yetkazib beruvchi – Netflix International B.V. kompaniyasi ham O‘zbekiston byudjetiga 4,3 ming yevro miqdorida QQS to‘lagan.
 
Avval xabar qilganimizdek, 2020-yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida jismoniy shaxslarga xizmatlarni elektron shaklda taqdim etadigan xorij kompaniyalari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) to‘lash tartibi joriy etilgan edi.

Manba