“Begonalar kirishi mumkin”

  • 18:54 / 14.01.2020
  • 741

Siz, ehtimol, Bryusseldagi Qirol saroyini, Londondagi mashhur muzeylarni, Berlin devorini allaqachon ko‘rib, suratga tushib ham ulgurgandirsiz. Bu ajoyib! Shuning uchun begonalar kirishi mumkin emas deb o‘ylaydigan, lekin, aslida, “ochiq” bo‘lgan joylar haqida ma’lumot bermoqchimiz.

2845808604_d98d76ff04_b.jpg

“Sotbis” (Sotheby’s) – auksion uyi qadimiyligi va nufuzi bilan mashhur. Unga 1744-yilda Londonda asos solingan. Hozirda uning 40 dan ortiq davlatlarda filiallari bor: Nyu-York, Parij, Amsterdam, Milan, Jeneva, Tyurix, Toronto, Gonkong, Doha va boshqa shaharlarda qadimiy san’at asarlari sotib olinadi, sotiladi. Bu asarlar dunyoning birorta muzeyida ham, galereyasida ham uchramaydi. O‘ta noyob.

“Sotbis” auksionlari ochiq: savdoda ishtirok etish shart emas. Aksariyat sessiyalar kunduzi o‘tkaziladi va bemalol kirib tomosha qilish mumkin. Kechki sessiyalarga esa chipta sotib olishga to‘g‘ri keladi.  

GettyImages-145013216.jpg

Old-Beyli (Old Bailey) – Angliya va Uelsning bir necha asr muqaddam asos solingan markaziy jinoiy ishlar sudi. Bu yerda o‘ta og‘ir va shov-shuvli jinoyatlar ko‘rib chiqiladi. Ko‘rilayotgan ish jiddiy bo‘lishidan qat’i nazar bu yerga har bir xohlovchi oldindan ogohlantirmay kirishi mumkin. Bepul. Noqulayligi: sumka, kamera, mobil telefonni olib kirishga ruxsat etilmaydi.   
Bryusselda 1952-yilda qurilgan Yevroparlament binosida Yevroittifoqqa tegishli barcha masalalar ko‘rib chiqiladi. Yevroparlament o‘z majlislarini, shuningdek, Strasburg, Bryussel va  Lyuksemburgda ham o‘tkazadi. Uning idoralarini qiziquvchilar bemalol kirib ko‘rishi mumkin. Yevroparlament binosida sayyohlik xizmati ishlaydi va o‘z broshyura, multimedia gidlarini 24 tilda taqdim etadi. Kirish bepul. Agar tashrifingiz rejadagi majlislardan biriga to‘g‘ri kelsa, debatlarni tinglab o‘tirishingizga ruxsat etiladi. Mehmonlar uchun maxsus joy ajratilgan. Faqat pasportni unutmaslik kerak.    

berlin-51058_1280.jpg

Germaniyada dunyoga mashhur “Bavariya” futbol klubining mashg‘ulotlariga kirish uchun ruxsat bor. Ochiq mashg‘ulotlar hamma vaqt ham o‘tkazilavermaydi. Bu haqida klub saytida xabar beriladi. Oldindan buyurtma berish shart emas. O‘z vaqtida kelinsa bas. 

2982007669_37d9ef1153_b.jpg

NBC – AQShning eng yirik 5 ta telekanalidan biri sanaladi. Bu yerda sayyohlar guruhiga boshlovchilar, prodyuserlar va operatorlarning ishini kuzatishga imkon beriladi. Bir soatlik sayohat davomida mashhur shoular qanday yozib olinishini, grimm sirlarini bilib olish, boshlovchi sifatida o‘zini sinab ko‘rish mumkin. Ekskursiya pullik – 33 dollar turadi.

GettyImages-917783106.jpg

Rio-de-Janeyroda o‘tkaziladigan karnaval – Braziliyaning ramzi. Davlat ahamiyatiga ega. Unda ishtirok etgan guruhlar uchun sovrinli o‘rinlar ta’sis etiladi.  Karnavalni uzunligi 700 metrli sambodromdan tomosha qilish uchun chipta olish kerak. Joyiga qarab narxlari o‘zgaradi. Sambodrom boshlanishida esa “Zero” sektori bo‘lib, bu yerdan joy olish uchun chipta shart emas. Shuning uchun ham “Zero”ga kiradiganlarning navbati juda katta. 

Teglar