“Endi ko‘rmayman!”. Tramp futbol bo‘yicha AQSh terma jamoasi o‘yinlariga boykot e’lon qildi

  • 21:46 / 14.06.2020
  • 675

Prezident Donald Tramp, endi futbol bo‘yicha AQSh terma jamoasi ishtirokidagi o‘yinlarni ko‘rmasligini bildirdi. Bu haqida u Twitter’dagi sahifasida e’lon qilgan

“Endi ularning o‘yinini ko‘rmayman!” – deyiladi AQSh rahbari yozib qoldirgan twit’da 

Gap shundaki, avvalroq Amerika Futbol Federatsiyasi (USSF) irqchilikka qarshi norozilik ifodasi sifatida futbolchilarga davlat madhiyasi kuylanayotgan vaqtda tiz cho‘kib turishga ruxsat bergandi. Aniqrog‘i federatsiya 11-iyun kuni “davlat madhiyasi ijro qilinayotgan vaqtda tik turish majburiyligi” haqidagi qoidani bekor qilgan. Bu tartib 2017-yilda, terma jamoa futbolchisi Megan Rapinoning Tailand bilan o‘yin oldidan, madhiya kuylanayotgan vaqtda tiz cho‘kib olganidan keyin kiritilgandi.  

Ma’lumki, Minneapolisda qora tanli fuqaro Jorj Floydning politsiyachilar qo‘lidan o‘lim topishi Amerika shaharlaridan boshlanib, keyinchalik boshqa davlatlarga ham tarqalgan norozilik namoyishlari va tartibsizliklarni keltirib chiqargandi. Namoyishlar davom etmoqda.