“Hayit namozini o‘qishning shartlari bor. Uyda bu shartlar topilmaydi” – Homidjon Ishmatbekov hayit namozi o‘rniga nafl ibodat qilinishi haqida gapirdi

  • 13:03 / 23.05.2020
  • 129

Bu yilgi Ramazon hayiti namozi pandemiya sababli musulmonlarning zimmasidan soqit bo‘ladi. Uning o‘rniga Hayit bayrami kuni quyosh terak barobarida ko‘tarilganda Zuho namozini o‘qish tavsiya etiladi.

Bu haqda bugun, 23-may kuni AOKA huzuridagi shtabda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov ishtirokidagi brifingda so‘z bordi. 

– Ramazon hayiti kunlari ham epidemik holat mavjudligi va odamlarning hayotiga xavf saqlanib qolishi sababli 2020-yilgi Ramazon hayiti (Iydul fitr) namozini pandemiya davrida jamoat bo‘lib o‘qish imkoniyati mavjud emasligi nuqtai nazaridan mo‘min-musulmonlarning zimmasidan ushbu ibodatni ado etish soqit bo‘ladi, - deydi O‘MI raisi o‘rinbosari.

Muftiy yordamchisining ta’kidlashicha, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi tomonidan o‘zbekistonliklarga hayit kuni quyosh terak bo‘yi ko‘tarilgandan keyin o‘z xonadonlarida to‘rt rakatli Zuho namozini o‘qishlari tavsiya qilinmoqda.

Shuningdek, Homidjon Ishmatbekov ijtimoiy tarmoqlarda bu yilgi Ramazon hayiti namozini uyda o‘qishga ruxsat berilgani haqida xabarlar tarqalganini, ammo Hayit namozi durust bo‘lishining shartlari borligini ta’kidladi.

Unga ko‘ra, Hayit namozini o‘qish uchun Hayit namozi o‘qilishiga umumiy ruxsat (izni omma) bo‘lishi va hayit namozini odamlarga muftiy tomondan tayinlangan kishi o‘qib berishi kerak. 
– Hayit namozi uyda o‘qilganda mana shu shartlar topilmaydi. Buning natijasida namoz durust bo‘lmaydi. Demak, bu yil karantin sababli uyda hayit namozi o‘rniga nafl namoz o‘qiladi, - deydi Homidjon Ishmatbekov.

Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolari Kengashining Bayonotida karantin talablaridan kelib chiqib, muborak Ramazon hayiti arafasida va hayit kunlari o‘tgan marhumlarning haqlariga qilinadigan duoi fotihalarni qat’iy ravishda  xonadonlarda, oila davrasida bajarishlari, yoshi ulug‘ keksalar va bemorlar holidan xabar olish hamda hayit bilan tabriklash va boshqa milliy urf-odatlar bilan bog‘liq an’analarni karantin talablariga qat’iy amal qilgan holda bajarishlari tavsiya etilgan.