“Hozirda tarqatilayotgan ko‘mirning issiqlik darajasi unchalik yuqori emas” – Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi

  • 18:26 / 02.12.2019
  • 168

Bugun, 2-dekabr kuni Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi anjumanlar zalida O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi mutasaddilari ishtirokida “Respublikamizda issiqlik ta’minoti tizimini takomillashtirish va tizimdagi dolzarb muammolarni hal etish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar” mavzusida OAV xodimlari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda sohadagi mavjud muammolar kuchli tanqid ostiga olindi.

“Bugungi kunda maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarining qozonxonalarida ishlayotgan ishchilar mazkur soha bo‘yicha hech qayerda o‘qimagan va bu sohadan yetarlicha bilim va malakaga ega bo‘lmagani sababli isitish tizimida turli muammolar kelib chiqmoqda. 

Ta’lim muassasalariga tarqatilayotgan ko‘mirlar esa, sifat jihatdan yaxshi deya olmaymiz, sababi ko‘mir tosh bo‘lib pishishi uchun kamida 200 yil kerak bo‘ladi. Lekin bizning ko‘mirlarimiz hali pishmagan.  Hozirda tarqatilayotgan ko‘mirning issiqlik darajasi unchalik yuqori emas.  

Hozirda foydalanayotgan issiqlik tizimidagi jihozlar 50-70 yillardagi quvurlar bo‘lib, qishning turli davrlariga javob bera olmayapti”, deydi Issiqlik ta’minoti boshqarma boshlig‘i Ravshanbek Jo‘rayev. 

Avvalroq, Xalq ta’lim vazirligi isitish tizimi yaxshi ishlamayotgan maktablar rahbariyatidan mahalliy hokimiyatlarga murojaat qilishlari lozimligi haqida xabar bergan edik.