“Koronavirus dunyo sayyohlarini uyiga “qamab qo‘ydi” – Chegaralar qaysi davlat fuqarolari uchun yopilgani haqida aytildi

  • 19:32 / 22.04.2020
  • 283

COVID-19 sabab hozirda dunyoning 96 foiz mamlakatida sayohatlar cheklanganligi haqida Butunjahon turistik tashkilotining “COVID-19 sabab sayohatlarga cheklovlarning global sharhi” oraliq hisobotida qayd etildi

2020-yilning yanvar oyi oxiridan 6-apreliga qadar 209 mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sabab sayohatlarni cheklovchi choralar qabul qilindi. Shuningdek,

–  90 mamlakat to‘liq yoki qisman o‘z chegaralarini yopdi;
–  44 davlat XXR, Koreya Respublikasi, Eron, Yevroittifoq mamlakatlari sayyohlari uchun chegaralarni yopdi;
–  56 mamlakat to‘liq yoki qisman xalqaro reyslarni to‘xtatdi;
–  19 mamlakat turli cheklov choralarini qo‘llamoqda.

Mintaqaviy miqyosda esa Afrika, Osiyo va Tinch okeani, shuningdek Yaqin Sharqdagi barcha mamlakatlar sayohatlarga cheklovlar kiritdi. Yevropa mintaqasida – 93 foiz mamlakatda va Amerika qitʼasida – 92 foiz mamlakatlarda sayohatlarga cheklovlar joriy qilindi. 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirusni pandemiya deb eʼlon qilganidan keyin, joriy yilning 9-martidan 24-martigacha sayohatlarga cheklovlar qabul qilgan mamlakatlar soni 2,2 barobarga (81 tadan 181 taga) ko‘paydi. Bundan tashqari, hisobotda qayd etilishicha, 2020-yilning 6-aprel holatiga ko‘ra, birorta mamlakat COVID-19 munosabati bilan joriy qilingan cheklovlarni bekor qilgani yo‘q.