“Made in India” “Made in China”ga qarshi

  • 12:54 / 03.06.2020
  • 886

Hindiston dasturchilari Xitoy mobil dasturlarini o‘ziga xos tarzda boykot qiluvchi  mobil ilova yaratishdi. Internet foydalanuvchilariga “Google app store”dan bu dasturni bepul yuklab olish imkoni yaratildi. “Xitoy dasturlarini yo‘q qilish” (Remove China Apps)deb nomlangan mobil ilova hindistonlik foydalanuvchilar orasida ommalashmoqda. Ilova mobil qurilmaga o‘rnatilgan dasturlar orasidan Xitoyda ishlab chiqarilganlarini o‘chirishga moslashtirilgan. Hind IT ustalari Xitoyning Hindistonga nisbatan agressiv harakatlariga shu tarzda javob qaytaryapti, deyish mumkin. Bundan avval hind rasmiylari Xitoy chegara yaqinida qo‘shin to‘playotgani haqida da’vo qilgan edi. Ammo rasmiy Pekin bu xabarlarni inkor qilyapti. 

Bundan avvalroq Xitoy axborot manbalari chegara hududida hind askarlari xitoylik harbiylarga qarata o‘q uzgani, Xitoy qurolli kuchlari esa bunga raketa zarbasi bilan javob qaytargani haqida yozgandi. 
Bu kabi mojarolar bo‘lib turishiga  Xitoy va Hindiston chegarasidagi Ladax hududidagi bahsli yerlar sabab bo‘lmoqda. Tomonlar 2013-yilda mazkur hudud qurolli harakatlardan xoli bo‘lishiga kelishib olishgan edi. Xitoyning so‘nggi kunlardagi harakatlari Hindiston tomonni bezovta qilyapti. Bu tushunmovchiliklar Hindistonda faoliyat yuritayotgan Xitoy kompaniyalari faoliyatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ko‘rsatyapti. Agar masala jiddiylashib ketsa, koronavirus qurbonlari kundan kunga oshib borayotgan Hindistonga ko‘proq qiyin bo‘lishi aniq. Xitoy hududida esa rasman karantin choralari bekor qilingan. Xalqaro jamoatchilik yadro quroliga ega davlatlar sifatida tomonlardan ehtiyotkorlik bilan harakat qilishi va qurolli agerssiyadan saqlanishini kutmoqda. “Remove China Apps” dasturini esa hindlarning qurolsiz kurash usuli deyish mumkin.