“Namanganda xalq ta’limi xodimlarining malakasini oshirish tizimi holati achinarli holda” – Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi

  • 19:27 / 09.11.2019
  • 16

Malaka oshirish va qayta tayyorlash tizimi faoliyatini oʻrganish va amaliy koʻmak berish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi Ulug‘bek Tashkenbayev tomonidan Namangan viloyatidagi Xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish mintaqaviy markazida faoliyati oʻrganildi

Oʻrganishlar jarayonida taʼlim sifati bilan bogʻliq boʻlgan boʻlgan quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha qator kamchiliklarning mavjudligi va ularni bartaraf etish yuzasidan muassasa rahbariyati tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmayotganligi qayd etildi.

Jumladan, noyabr oyi rejasiga muvofiq 16 ta malaka oshirish yoʻnalishlari boʻyicha tashkil etilgan 25 ta guruhlarda (reja boʻyicha jami 625 nafar tinglovchi) tinglovchilarning mashgʻulotlarga qatnashishlari yuzasidan tushuntirish ishlari talab darajasida tashkil etilmaganligi sababli oʻquv mashgʻulotlari boshlanganiga bir hafta boʻlgan boʻlsa-da, dars mashgʻulotlarida surunkali ishtirok etmaganliklari uchun 11 nafar tinglovchilar malaka oshirish kursidan chetlashtirilishiga yoʻl qoʻyilgan.

Taʼlim muassasasi binosida jami 36 ta oʻquv xonalari mavjud boʻlib, shundan, 19 ta proyektor, 9 ta smart televizor hamda 5 ta elektron doskalar bilan taʼminlangan. Lekin, ushbu zamonaviy Axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan dars mashgʻulotlarida samarali foydalanishda pedagog kadrlarning bilim va koʻnikmalari yetishmaydi.

Masalan, “Maktabgacha taʼlim tarbiyachilari” yoʻnalishidagi “Mutaxassislik metodikasi” oʻquv moduli boʻyicha dars tahlili kuzatilganda, mavzuga oid elektron animatsiyali oʻquv materiallari mavjud boʻlsa-da, oʻquv xonasidagi kompyuter va Smart LED elektron doskasidan foydalanish, yaʼni hatto uni ishlatish va dars jarayonida foydalanish koʻnikmalariga ham ega emasligi qayd etildi.

Mazkur taʼlim muassasasi pedagog kadrlarning sifat koʻrsatgichini oshirib borish, tajribali, ilmiy darajali, oʻqitish metodikalari boʻyicha chuqur bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan pedagoglarni jalb qilish yuzasidan viloyatdagi mavjud 3 ta oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik ishlari samarali tashkil etilmagan.

Buning natijasida bugungi kunda mazkur taʼlim muassasasidagi jami 163 nafar pedagoglarning bor-yoʻgʻi 18 foizga yaqini ilmiy darajaga ega xolos. Ilmiy darajali pedagog kadrlarni yoʻnalishlar boʻyicha malaka oshirish kurslariga jalb qilish ishlari sust tashkil etilgan. Malaka oshirish kurslarida yoʻnalishlar boʻyicha faol ishtirok etayotgan tinglovchilarning iqtidorlarini baholab borish (ragʻbatlantirishning turli shakllari) mexanizmlari joriy etilmagan.