“Narxoz”ning rektori ishdan olindi. “TashMI”ning rektori-chi, u korrupsiyani qanday tushunadi?

  • 22:08 / 05.11.2019
  • 685

Avval xabar qilganimizdek, bugun, 5-noyabr kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori ishdagi kamchiliklari sababli vazifasidan olindi.

Ushbu voqeliklar fonida Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori ta’limdagi korrupsiya hamda mazkur ijtimoiy illatga qarshi kurashishning yo‘llari haqida o‘z fikrlarini Xabardor.uz bilan bo‘lishdi.

Quyida Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori Laziz Tuychiyevning fikrlari bilan tanishasiz:

Korrupsiya uyushgan jinoyatchilik, terrorizm uchun sharoit yaratib beradi

Korrupsiya – bu jamiyatni turli yo‘llar bilan iskanjaga oladigan dahshatli illatdir. Mazkur illat demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazadi, inson huquqlari buzilishiga olib keladi va odamlar xavfsizligiga tahdid soladigan uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va boshqa hodisalar ildiz otib, gullashi uchun sharoit yaratib beradi. Bu illatni yengish uchun birinchi navbatda aholining huquqiy savodxonligini oshirish, fuqarolik institutlari faoliyatini kuchaytirish lozim bo‘ladi. 


Korrupsiyaning mazmun-mohiyati va uning jamiyat hayotida keltirib chiqaradigan salbiy oqibatlariga doir uslubiy tavsiyalar, tarqatma va taqdimot materiallari, targ‘ibot vositalarini tayyorlash va ulardan ma’naviy-ma’rifiy ishlarning ta’sirchanligini oshirishda keng foydalanish lozim.

Tizimda nimalar qilish kerak?

Korrupsiyaga qarshi kurashishni Toshkent tibbiyot akademiyasida olib boriladigan ishlar misolida aytadigan bo‘lsak, birinchi navbatda professor-o‘qituvchilarni ishga qabul qilishda oshkoralikni ta’minlash, nomzodlarni tanlov asosida ishga qabul qilish, kadrlarni joy-joyiga qo‘yish va lavozimini oshirishda korrupsiya holatlari sodir bo‘lishining oldini olishga qaratilgan tizimni yaratish kerak. Aniqroq qilib aytganda, ular rektor boshchiligida prorektorlar, dekanlar, jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat ishchi guruh suhbatidan o‘tadi. Nomzodlarni ishga qabul qilishda esa professor-o‘qituvchilar tomonidan o‘tkaziladigan ochiq darslarda  qatnashish va xulosa berish uchun jamoatchilik kengashi  a’zolaridan iborat doimiy faoliyat yuritadigan  maxsus  ishchi guruh tuzilgan.

Talabalar orasida so‘rovnomalar o‘tkaziladi

TTAda samarali jamoatchilik nazoratini joriy etish orqali professor-o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasidagi ijtimoiy-ma’naviy muhit sog‘lomligini ta’minlash, talabalar bilimini xolisona baholash, fanlardan nazorat ishlarini topshirishda noqonuniy harakatlar sodir qilinishining oldini olish maqsadida jamoatchilik kengashi faoliyat yuritmoqda. jamoatchilik fikrini o‘rganishga bag‘ishlangan so‘rovnomalar o‘tkazilib, uning natijalari asosida chora-tadbirlar belgilanadi.

Akademiyaning www.tma.uz saytida “Korrupsiyaga qarshi kurash” rubrikasi ochilgan bo‘lib doimiy ravishda korrupsiya illatining yomon oqibatlarga olib kelishini aniq misollar orqali yetkazib boriladi. Ushbu saytga ishonch telefoni sifatida TTA rahbariyati (rektor, prorektor, dekanlar)ning  ishonch telefonlari hamda telegram raqamlari talabalar e’tiboriga muntazam havola etib borilmoqda. 

Test imtihonlarini faqat bir kishi tomonidan olinishiga chek qo‘yish kerak

Kafedra mudirlari tomonidan doimiy ravishda kafedrada ta’magirlikka qarshi kurash bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib borilib va YAN o‘tgandan keyin o‘z fani bo‘yicha dars sifati, ta’magirlik bo‘yicha so‘rovnoma yoki talabalarning fikrlarini o‘rganib boradi. Oraliq nazorat, joriy nazorat, OSKE, test imtihonlarini faqat bir kishi tomonidan olinishiga chek qo‘yilib, jamoaviy shaklda dekan muovinlari ishtirokida qabul qilinadi. 

Poraxo‘rlikning salbiy oqibatlarini ko‘rsatib berish lozim

Rektor, prorektorlar, dekanlar tomonidan barcha fakultetlar va kurslar, guruhlar kesimida ta’magirlikka qarshi kurashish va talabalarni ta’magirlikka sheriklik qilishi, firibgarlik qilishini oldini olish borasidagi yig‘ilishlar o‘tkaziladi. Talaba-yoshlarni korrupsiyaga qarshi murosasizligini shakllantirish eng muhim omillardan biri hisoblanib “Biz korrupsiyaga qarshimiz” shiori ostida insholar tanlovi, “Konstitusiya bilimdoni”, “Siz qonunni bilasizmi?” kabi viktorinalar, talabalar chizgan rasmlar ko‘rgazmalari tashkil qilinadi. “Biz Korrupsiyaga qarshimiz” xeshtegini ommalashtirish orqali targ‘ibot tadbirlarini tashkil qilish, huquq-tartibot organlari: ichki ishlar, prokuratura, adliya vazirligi xodimlari va Oliy majlis Qonunchilik palatalari deputatlarini jalb qilgan holda korrupsiya va uning salbiy oqibatlariga doir mavzularni tushuntirib berishga qaratilgan davra suhbatlari, ma’rifiy (550 dan ortiq) tadbirlar tashkil etib kelinmoqda.

Asosiy maqsadimiz tizimdagi illat – korrupsiyani bartaraf etishdir.