“O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy” temir yo‘li marshrutlari masalasi muhokama qilindi

  • 17:10 / 21.05.2020
  • 242

Kecha, 20-may kuni O‘zbekiston transport vaziri Elyor Gʻaniyev, Qirg‘iziston transport va yo‘l vaziri Janat Beyshenov, Xitoy Xalq Respublikasining islohotlar va rivojlanish bo‘yicha davlat qo‘mitasining chet el kapitali va xorijiy investitsiyalar departamenti bosh direktori o‘rinbosari Chjen Chipin boshchiligida videokonferensiya aloqa shaklida uchrashuv o‘tkazildi. Bu haqda Trsanport vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur uchrashuvda “O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy” temir yo‘l qurilishi loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelgusi amaliy choralari muhokama qilingan.

Xususan, ushbu loyiha yuzasidan tomonlar taqdim etilgan temir yo‘l qurilishi marshrutlari bo‘yicha yagona to‘xtamga kelish, loyihalash va qurilish ishlarida qo‘llanilayotgan texnik standartlar, loyihani moliyalashtirish manbalari va boshqa tashkiliy masalalar muhokama qilindi.

“Sanitariya-epidemiologiya standartlari shartlariga muvofiq deyarli barcha transport turlarida yuk tashuvlariga cheklovlar qo‘yilmoqda. Karantin choralari tufayli davlatlarimiz o‘rtasida avtomobilda yuk tashuvlari cheklangan holda amalga oshirilmoqda. Mazkur jarayonlar fonida eng xavfsiz, ishonchli transport vositasi esa temir yo‘l bo‘lib qolmoqda. Aynan shu jihatning o‘zi ham mazkur loyihani hayotga tezroq tadbiq etish zarurligi ko‘rsatmoqda”, dedi E.Gʻaniyev.

Muloqot davomida Xitoy va Qirg‘iziston tomoni mazkur temir yo‘l liniyasi o‘tishi mumkin bo‘lgan hududlar bo‘yicha bergan takliflari atroflicha muhokama qilindi.

Tomonlar taqdim etilgan temir yo‘l qurilishi marshrutlari bo‘yicha yagona to‘xtamga kelish yuzasidan, har bir yo‘nalish bo‘yicha loyihaning texnik va iqtisodiy jihatlarini yana bir karra ko‘rib chiqishga va kelasi haftada huddi shu formatda uchrashuv o‘tkazishga kelishib olishgan.