“O‘zingni ehtiyot qil, qo‘shningni o‘g‘ri tutma”, ammo qo‘shni o‘g‘ri bo‘lsa-chi?

  • 18:15 / 13.11.2019
  • 386

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining Xabardor.uz’ga ma’lum qilishicha, joriy yil oktabr oyining 25-sanasida jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Shayxontohur tuman sudi ochiq sud majlisida O‘lmasbek Omonov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan)ga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqdi. 

Ish hujjatlariga ko‘ra, sudlanuvchi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismining “g” bandi bilan ayblangan.

Sud tergovida aniqlanishicha, sudlanuvchi O‘lmasbek Omonov o‘zganing mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish maqsadida, 2019-yil 3-sentabr kuni soat 19:00larda Toshkent shahar Shayxontohur tumanida joylashgan ..-uy ..-xonadon eshigining kalitini u turadigan joydan olib, g‘ayriqonuniy ravishda kirib, narxi 2 mln. so‘mlik “RedMi S-2” nomli telefon apparatini, narxi 900 ming so‘mlik bir juft ayollar tilla ziragini va 350 ming so‘m miqdoridagi pul mablag‘larini yashirin ravishda o‘g‘rilab, voqea joyidan yashiringan.

Sud majlisida sudlanuvchi tariqasida so‘roq qilingan O‘lmasbek Omonov o‘zining ko‘rsatmalarida aybiga qisman iqrorligini bildirgan.

Unga ko‘ra, 2019-yil 3-sentabr kuni, o‘zi istiqomat qiladigan Shayxontohur tumanida joylashgan ..-uyga kelib, lift oldida turganida, shu qavatda istiqomat qiluvchi qo‘shnisi S.F xonadonini qulflab, eshik kalitini “elektroshit”i ichiga qo‘yib ketganligini ko‘rgan. Shu payt unda qo‘shnisining uyida o‘g‘rilik qilish fikri tug‘ilgan va kalitni olib, uyga kirgan. Xonadonga kirganida mebel ustida “RedMi S-2” nomli telefon apparatini ko‘rib, uni cho‘ntagiga solgan, boshqa narsalarni ham o‘g‘irlamoqchi bo‘lganida, tashqaridagi shovqin uni xonadondan qaytib chiqib, kalitni joyiga qo‘yishga majbur qilgan. U yuqoriga – uyiga chiqib ketayotganida xonadon egasi I.M ning qizi S.F uni ko‘rib qolgan.

Birozdan so‘ng esa uning xonadoniga profilaktika inspektori va S.F chiqib kelgan. U qo‘rqib ketganligidan aybini tan olib, uydan telefonni olib chiqib bergan.

Shuningdek, u sud tergovida boshqa narsalarni – zirak va pul mablag‘larini olmaganligini va xonadonga kirganida, ushbu narsalarni ko‘rmaganligini, lekin ushbu narsalar uchun ham yetkazilgan moddiy zararni qoplashini, hozirda qilmishidan pushaymonligini, bu kabi holat boshqa takrorlanmasligini, jabrlanuvchidan kechirim so‘rashini bayon qilgan hamda suddan o‘ziga nisbatan jazo tayinlashda yengillik berishni so‘rab ko‘rsatuvlar bergan.

Sudlanuvchi O‘lmasbek Omonovning aybi jabrlanuvchining qonuniy chora ko‘rish haqidagi arizasi, tushuntirish xatlari, ashyoni olish haqidagi bayonnoma, fotosuratlar, ko‘rsatuvlarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish bayonnomasi, ekspertiza xulosalari, shuningdek, ish materiallarida mavjud bo‘lgan boshqa obyektiv dalillar bilan o‘z tasdig‘ini to‘liq topgan.

Yuqoridagilarga asosan hamda O‘zbekiston Respublikasi JPK’ning tegishli moddalariga muvofiq, sud O‘lmasbek Omonovni O‘zbekiston Respublikasi JK 169-moddasi 2-qismining “g” bandi bilan aybdor deb topdi.

Sud hukmiga ko‘ra, u O‘zbekiston Respublikasi JK 169-moddasi 2-qismining “g” bandi bilan JKning 57-moddasini qo‘llab, ish haqining 10 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 (bir) yil-u 6 (olti) oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi va unga nisbatan qo‘llangan ehtiyot chorasi bekor qilindi.