“Saylov o‘tdi, yana o‘chirishni boshladilaring” – “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruv raisi nima deydi?

  • 16:24 / 14.02.2020
  • 261

Joriy yilnning 14-fevral kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruv raisi va ma’sul xodimlari ishtirokida “2019-yilda iste’molchilarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash borasidagi faoliyat: erishilgan natijalar va istiqboldagi ustuvor vazifalar” mavzusi doirasida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi. 

Muhokamada “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruv raisi Ulug‘bek Mustafoyev 2019-yil yakunlari bo‘yicha tahlillar bilan birga yo‘l qo‘yilgan kamchilik va muammolarga ham alohida to‘xtaldi.

“Elektr energiya sohasi ishlab chiqaruvchi, tarqatuvchi, taqsimlovchi-sotuvchi tizmlariga ajralib ketdi. Taqsimlovchi-sotuvchi korxona sifatida iste’molchi biz (Hududiy elektr tarmoqlari, -tahr.) bilan shartnoma qiladi, ularning xonadoni yoki korxonasida elektr uzilishi bo‘lsa, biz javob beramiz. Bu mas’uliyatdan qochmaymiz. 

“Saylov o‘tdi, yana o‘chirishni boshladilaring” ma’zmunidagi ko‘p savol va e’tirozlar bildiriladi. Axir, saylov kunlari, bayram kunlari 1 kv elektr energiya ishlab chiqarishimiz 9, 10 sentga chiqib ketadi, iste’molchi esa uning 2,5 senti (295 so‘m)ni qoplaydi. O‘sha kunlari mazut yoqilib, hududlar elektr energiyasi bilan ta’minlanadi, mazut esa cheksiz emas. Butun oy davomida, qish davomida mazut yoqib elektr energiyasi yetkazib berish muammo. Shuning uchun iste’molchilar to‘g‘ri tushunishlari kerak. Bu haqda OAV va ijtimoiy tarmoqlarda tushuntirilishi kerak. Iste’molchilar uchun ishonch telefonlari bor, lekin aholimiz tusha olmaydi yoki telefonlarni uzib qo‘yishlari mumkin – men bunga kafolat bera olmayman. Ammo ijtimoiy tarmoqdan kelgan murojaatning izi qoladi. Ya’ni hech bo‘lmaganda murojaatning matni saqlanib qoladi”, dedi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruv raisi Ulug‘bek Mustafoev.

Xabardor.uz