“Turkiston” va “Yunusobod” metro bekatlari qurib bitkazildi (foto)

  • 09:22 / 16.06.2020
  • 782

Uzunligi 2,9 kilometr bo‘lgan “Turkiston” va “Yunusobod” metro bekatlarida qurilish-montaj va pardozlash ishlari nihoyasiga yetib, “Shahriston” bekatiga ulandi. Metro poyezdlarining sinov tariqasida harakatlanish ishlari amalga oshirildi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu loyiha “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining “Ko‘prikqurilish tresti” unitar korxonasi tizimidagi 67-Ko‘prikqurilish otryadi mutaxassislari tomonidan bajarilgan. “Toshkent metro loyiha” mas’uliyati cheklangan jamiyati loyihalari asosida bunyodkorlik ishlari bajarilgan obyektning umumiy qiymati 103,8 million AQSh dollarini tashkil etadi.

Ta’kidlanishicha, ushbu loyihaning yer osti tunnel qismini burg‘ulash ishlari Markaziy Osiyoda ilk bor qo‘llanilgan Germaniya texnologiyasi asosida mexanizatsiyalashtirilgan kompleks yordamida qazilishi, hamda yuqori sifatli temir-beton tyubinglar o‘rnatilishi bilan ahamiyatlidir. Har bir bekat kompleks qurilishida monolit beton uslubi qo‘llanilgan. 

Yunusobod liniyasi yangi bekatlar bilan hisoblaganda 8 ta bekatdan iborat. Ahmad Donish ko‘chasida qurilgan “Tukiston”, “Yunusobod” hamda mavjud “Shahriston”, “Bodomzor”, “Minor”, “Abdulla Qodiriy”, “Yunus Rajabiy”, “Ming o‘rik”dan iborat. Ushbu yo‘nalish “Yunus Rajabiy” bekatidan Chilonzor yo‘lining “Amir Temur” hamda “Ming o‘rik” bekatidan esa O‘zbekiston yo‘lining “Oybek” bekatiga ulanadi. Ushbu liniyaning yangi bekatlari foydalanishga topshirilgach, bir kunda “Yunusobod” bekatida qo‘shimcha 5 ming yo‘lovchiga, “Turkiston” bekatida esa 2 yarim ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatiladi.