“Volkswagen” kolbasalari, “Mitsubishi” ruchkalari va “Peugeot” tuzdonlari: yirik avtokonsernlarning siz bilmagan mahsulotlari

  • 15:44 / 25.02.2020
  • 782

Agar supermarket peshtaxtasida ustiga “Volkswagen” deb yozilgan sosiskalarni ko‘rib qolsangiz, buni qo‘lbola mahsulot, deb o‘ylay ko‘rmang. Chunki, avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalar avtosanoatda javlon urish bilan bir qatorda o‘zlarini ishlab chiqarishning boshqa sohalarida sinab ko‘rishni yaxshi ko‘rishadi. Shunday ekan, ularning logotiplarini kutilmagan joylarda ko‘rib qolsangiz, ajablanmang.
 
Balki brend bozorda o‘zi kutgan mashhurlikka erishgach, boshqa turdagi biznesni ham sinab ko‘rmoqchi bo‘lar. Yoki o‘zining o‘tmishdagi birinchi biznesini qo‘ldan chiqargisi kelmas. Quyida mana shunday ko‘p qirrali avtobrendlar to‘g‘risida so‘z yuritamiz.

“Volkswagen”: ketchup, kolbasa va sosiska

Bu yirik avtomobil konserni nafaqat o‘zining sifatli mashinalari, balki ajoyib kolbasa mahsulotlari bilan ham juda mashhur. 
1973-yilda kompaniya ishchilarini o‘zi ishlab chiqargan yegulik bilan oziqlantirmoqchi bo‘ldi. Shu tariqa Volfsburgda birinchi kolbasa zavodi ishga tushdi. 

Tez orada zavod o‘z mahsulotlarini erkin savdoga ham chiqardi. Endilikda “Volkswagen”ni sosiska magnati deb ham atash mumkin. Chunki o‘tgan yili konsernda 6,2 million dona avtotransport vositalari sotilgan bo‘lsa, ishlab chiqarilgan kolbasa mahsulotlari soni 6,8 millionga yetdi.
 
Hozirgi kunda VW kolbasa va sosiskalarini avtomobil ehtiyot qismlari katalogi va bir qator supermarketlarda uchratishimiz mumkin. O‘z delikateslariga ideal ketchup izlash mobaynida nemislar “Volkswagen Ketchup”ini ham yaratishdi.

“Peugeot”: tuz va qahva maydalagichlar

“Peugeot” turli xildagi avtomobillar ishlab chiqarish bilan bir qatorda ziravorlar va qahva maydalaydigan uskunalarni ham bozorga chiqargan.

“Peugeot” fransuz oshpazlarining bebaho tajribalari va tuzdonlari dizaynini o‘rganib chiqdi. Tuzdonlar materiali vaqt o‘tishi bilan shisha, metall, tabiiy daraxt va cho‘yanga o‘zgarib turgan. Hozirda orqa oyoqda o‘tirib olgan sher logotipini har bir oshxonada uchratishimiz mumkin. 

“Daewoo”: muzlatgichlar

Janubiy Koreyaning “Daewoo” brendi nafaqat arzon narxdagi avtomobillar qatorida boshqa maishiy texnikalarni ham ishlab chiqaradi. 1998-yilgi Osiyo iqtisodiy inqirozigacha kompaniya elektronika va maishiy texnika mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan.

Inqirozdan so‘ng kompaniya “General Motors” bilan hamkorlikda ish boshladi. Hozirda uning filiallaridan biri muzlatgich, kir va idish yuvish mashinalari, mikroto‘lqinli pech ishlab chiqaradi. 

“Mitsubishi”: konditsionerlar

Yaponlar avtomobil hamda maishiy texnikani birgalikda ishlab chiqarish g‘oyasini ilgari surishadi. “Mitsubishi” kompaniyasi ham qimmatbaho mashinalar ishlab chiqarish bilan bir qatorda uy va binolar uchun konditsionerlar yaratish bilan shug‘ullanadi. 
Yaponiyada “Mitsubishi” yana ruchka va qalam ishlab chiqaruvchi kompaniya sifatida ham juda mashhur.

“Rolls-Royce”: samolyot uchun dvigatellar

To‘g‘risini aytganda, “Rolls-Royce” avtomobillari narxini har kimning ham cho‘ntagi ko‘taravermaydi. Garchi, brend anchadan buyon “BMW” korporatsiyasiga tegishli bo‘lsa-da, mazkur brend ostida samolyot dvigatellari, gaz turbinasi ishlab chiqariladi.
 
Bugunga kelib “Rolls-Royce” biznes aviatsiya samolyotlari uchun dvigatellarni yetkazib berish bo‘yicha dunyodagi yetakchi kompaniyalardan biriga aylangan.

“Hyundai”: kemasozlik mahsulotlari

Koreyaning “Hyundai” brendi ostiga birlashgan bir qator kompaniyalar daromadining ma’lum bir qismini kemasozlik sanoatidan oladi.
 
Koreyalik mazkur korporatsiya neft mahsulotlari va ximikatlar, avtomobillarni tashishga ixtisoslashgan tankerlar, esminslar va suvosti kemalari ishlab chiqarish bilan ham shug‘ullanadi.

“Toyota”: tikuv mashinalari

Aynan shu kompaniya ishni nimadan boshlaganini unutmaydiganlardan. Chunki 1924-yil kompaniya tashkilotchisi birinchi marta tikuv mashinasini ishlab chiqargandi. O‘shandan buyon logotip ( igna orasidan o‘tayotgan ip halqasi tasviri) ham deyarli o‘zgarmagan. Hozirgi kunda “Toyota” konserni avtomobillar bilan bir qatorda tikuv mashinalari ishlab chiqarishni ham to‘xtatmagan.