“Xufiyona iqtisodiyot” ko‘lamlarini keskin qisqartirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi

  • 20:14 / 07.11.2019
  • 238

Foto: Prezident Matbuot xizmati

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun 7-noyabr kuni 2019-yilda davlat byudjetiga tushumlar prognozi ijrosini ta’minlash, tadbirkorlik va kichik biznesni joylarda yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni aniqlash va ishga solish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar samaradorligi hamda bu boradagi dolzarb vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. 

Unda davlat rahbari joylarda tadbirkorlar ishtirokida yangi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish quvvatlarini yaratishga kuchli turtki berish kerakligini ta’kidlagan. Bu haqida Prezident matbuot xizmati xabar berdi. 

Shuningdek, yig‘ilishda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi rahbarlari boshchiligida joylarda sanoat va xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha doimiy ishchi guruhlar tashkil qilingani va ularga tarmoqlar biriktirilgani aytildi. 
Ushbu tuzilmalarga tarmoqlar bilan birga har bir tuman va shahar salohiyatini o‘rganib, 2020-yilda yangi quvvatlar tashkil etish, infratuzilma va xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar dasturini ishlab chiqish vazifasi qo‘yilgan. 

Bunda respublika bo‘yicha qariyb 1,5 mingta davlat mulki va davlat ulushi mavjud obyektlarini sotish hamda 70 mingta tadbirkor faoliyatini tiklash muhimligi qayd etilgan. 

Davlat bojxona qo‘mitasiga kelgusi yil 1-yanvardan boshlab eksport-import operatsiyalari uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali elektron shaklda olinishini yo‘lga qo‘yish topshirilgan.  

Biznes-ombudsman boshchiligida tuzilgan maxsus ishchi guruhga oxirgi uch yilda tadbirkorlar tomonidan import qilinib, bugungi kunda ishlatilmay turgan 305 million dollarlik uskunalarni to‘liq ishga tushirish yuzasidan ko‘rsatma berilgan. 

2020-yilda “Biznes yuritish” reytingida mamlakatimiz o‘rnini yanada yaxshilash, jumladan, ruxsatnoma berish va sertifikatlash tizimini soddalashtirish bo‘yicha ham vazifalar belgilangan. 

Videoselektor yig‘ilishida Soliq qo‘mitasiga noyabr-dekabr oylarida salohiyatiga nisbatan soliq tushumlari yetarli bo‘lmagan Nukus, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qarshi, Namangan, Samarqand, Farg‘ona, Urganch, Qo‘qon shaharlari hamda Zangiota, Gʻijduvon, Urgut, Hazorasp va Toshkent shahrining o‘n bitta tumanida soliqlarni to‘liq undirish bo‘yicha yangi tizim joriy qilish topshirilgan. 

Shu munosabat bilan, zamonaviy usullar va axborot texnologiyalaridan foydalangan holda, yashirin faoliyat yuritish orqali soliqdan qochishning oldini olish choralarini ko‘rish zarurligi ta’kidlab o‘tilgan. 

Xabarda keltirilishicha, endilikda barcha sohalarda “xufiyona iqtisodiyot” ko‘lamlarini keskin qisqartirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqib, ijrosi ta’minlanadi. Jumladan, qurilish sanoatida soliqdan qochishning oldini olish uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini aniq hisoblash tizimi joriy etiladi. 

Bundan tashqari, mamlakat bo‘ylab ishga tushirilayotgan yangi 145 ta yirik quvvatlarda shu yilning o‘zida mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yib, ular byudjetga qo‘shimcha daromad olib kelishini nazoratga olish zarurligi qayd etilgan. 

Videoselektor yig‘ilishida muhokama qilingan masalalar bo‘yicha mutasaddi rahbarlar va hokimlarning hisobot va takliflari eshitilgan.