1 soʻm — Chorsu mehmonxona kompleksining boshlangʻich narxi maʼlum boʻldi

  • 18:54 / 23.09.2019
  • 592

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 16.09.2019-yildagi 774-sonli qaroriga muvofiq sobiq Chorsu mehmonxona kompleksini sotish shartlari eʼlon qilindi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar bermoqda

Unga koʻra, sobiq “Chorsu” mehmonxona majmuasi quyidagi shartlar asosida sotiladi:

- “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasi orqali 1 soʻmga teng qiymatdagi boshlangʻich narxda;
- auksion bosqichi 100,0 mln.;
- auksion savdolarida qatnashish uchun talabgor shaxsiy kabinetini va shaxsiy hisob raqamini ochishi uchun www.e-auksion.uz saytidan roʻyxatdan oʻtishi;
- auksion savdolarda qatnashish uchun talabgor belgilangan investitsiya summasining 5 foizidan kam boʻlmagan miqdorida shaxsiy kabinetdagi hisob raqamini toʻldirishi va obyekt uchun belgilangan lot raqamiga ariza berishi (bunda, savdo gʻolibi tomonidan shartnoma tuzilishi rad etilgan taqdirda zakalat summasi qaytarilmaydi);
- obyektni sotib olish boʻyicha gʻolib boʻlgan investor oldi-sotdi shartnomasi tuzilgunga qadar belgilangan tartibda investitsiya miqdorining kamida 10 foizi (2,5 mln. AQSH dollariga teng) miqdoridagi mablagʻni oʻzining xizmat koʻrsatuvchi bankida alohida hisob raqami ochgan holda joylashtirganligini tasdiqlovchi hujjatlarni (tegishli tijorat bankdan maʼlumotnoma) hamda ushbu mablagʻlarni investitsiya kiritish uchun foydalanish boʻyicha kafolat xatini taqdim etishi lozim.

Shuningdek, mehmonxonani sotib olgan shaxs uni rivojlantirish uchun ikki yil davomida 25 million AQSh dollari miqdorida investitsiya, 150 ta yangi ish oʻrni tashkil etishi shart. Bundan tashqari mehmonxona kamida uch yulduzli maqomiga ega boʻlishi ham yuqoridagi shartlarda koʻrsatib oʻtilgan.


Elektron onlayn auksion savdolari 21.10.2019-yil soat 09:00 da boshlanadi.
Agar auksion savdolari boʻlib oʻtmagan deb topilsa, takroriy tanlov savdolari har 15 ish kunida bir marta oʻtkaziladi.