1-iyuldan boshlab QQSning oshib ketgan miqdori soliq to‘lovchiga qaytariladi

  • 18:32 / 30.05.2020
  • 232

“O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi Qonunning 5-moddasiga muvofiq, 2020-yil 1-iyuldan boshlab hisoblangan soliq summasidan hisobga olinadigan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasining oshib ketishi natijasida hosil bo‘lgan QQS summasini soliq to‘lovchiga qaytarish amaliyoti ishga tushadi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.

Shu munosabat bilan Davlat soliq qo‘mitasi joriy yil 1-iyundan QQS bo‘yicha soliq hisobotini va unga tegishli ilovalarni inventarizatsiya qilishni e’lon qiladi.

Inventarizatsiya qilish davrida joriy yil 1-mayga qadar bo‘lgan soliq davri uchun aniqlashtirilgan soliq hisobotlarini topshirish to‘xtatib turiladi. Elektron hisob-fakturalardan foydalanish hisobot ma’lumotlarini aniqlashtirishga, shuningdek, joriy soliq hisobotlarini shakllantirishga imkon beradi.

Ta’kidlash joiz, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 25-iyundagi qaroriga muvofiq, 2020-yil 1-yanvardan boshlab barcha xo‘jlik yurituvchi subyektlar uchun hisobvaraq-fakturalarni elektron shaklda rasmiylashtirish, saqlash va hisobini yuritish tizimini majburiy tartibda joriy etish nazarda tutilgan.