1 milliard so‘mlik tamaki  va  pirotexnika noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi 

  • 12:43 / 06.12.2019
  • 121

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi

Davlat bojxona qo‘mitasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari, Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi hamda DXX xodimlari bilan hamkorlikda umumiy qiymati 1,1 mlrd. so‘mga teng bo‘lgan tamaki va pirotexnika vositalarining noqinuniy aylanmasiga chek qo‘ydi. 

Hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Qo‘qon shahrida fuqaro M.I. boshqaruvidagi “Kobalt” rusumli avtomashinani kuzatuvga olingan.

Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar berishicha, mazkur avtomashina fuqaro N.Yu.ning yashash uyida to‘xtaganidan so‘ng, tadbir ishtirokchilari tomonidan belgilangan tartibda xolislar ishtirokida nazoratdan o‘tkazilgan.

Natijada, avtomashina yukxonasida salkam 99 million so‘mlik turli nomdagi tamaki mahsulotlari va umumiy qiymati 48 million so‘mdan ortiqni tashkil etuvchi pirotexnika vositalari borligi aniqlangan.

Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilib, fuqaro Sh.Z.ning ham yashash xonadoni belgilangan tartibda nazoratdan o‘tkazilgan.

Tekshiruv davomida ushbu xonadon yerto‘lasida umumiy qiymati 937,7 million so‘mlik tamaki mahsulotlari noqonuniy saqlanayotgani aniqlangan.

O‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida, umumiy qiymati 1 milliard 84 million so‘mdan ortiqni tashkil etuvchi turli nomdagi jami 109 ming 720 quti tamaki mahsulotlari va 288 ming 195 dona pirotexnika vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.