108 megapiksellik Samsung Galaxy S20. Uning yana qanday afzalliklari bor?

  • 11:17 / 15.01.2020
  • 2217

Joriy yilning 11-fevralida Samsung kompaniyasi Galaxy S20 turkumi smartfonlarini namoyish etiladi. Unda standart flagmandan tashqari Galaxy S20 Plus hamda Galaxy S20 Ultra modellari ham bo‘lishi ma’lum.

XDA Developers resursi bosh muharriri Maks Vaynbax mana shu – Galaxy S20 Ultra modelining texnik xususiyatlarini e’lon qildi. Unga qaraganda, mazkur smartfon 1 terabaytgacha hajmli SD-karta o‘qiy oladi. Flagmanning o‘zi ichki xotirasi 128/256/512 gigabaytlik, tezkor xotirasi esa 12/16 gigabaytlik hajmga ega variantlarda taklif etildi. Aytish kerakki, rekord darajada – 16 gigabaytlik “operativka”ga ega smartfonni xitoylik kompaniya ham birinchi bo‘lib taqdim etmoqchi bo‘lib turibdi.

Maks Vaynbaxning yozishicha, Samsung ushbu flagmanini 5000 mA/soatlik akkumulyator bilan jihozlayapti. 45 vattlik tezkor quvvatlash texnologiyasi bo‘yicha uni 0 dan to 100 foizgacha atigi 74 daqiqada to‘ldirish mumkin bo‘ladi.

Galaxy S20 Ultra bosh kamerasining asosiy datchigi 108 megapiksellik bo‘lib, uning yana bir moduli – 100 karralik gibrid zumga ega periskop kameradir. Kamera jamlanmasida yana keng burchakli obyektiv bilan taqdim etiluvchi 12 megapiksellik sensor ham mavjud. Vaynbax e’lon qilgan tasvirga ko‘ra, mazkur flagmanning beshtalik kamera blogi quyidagicha ko‘rinish olgan:

Samsung Galaxy S20 Ultra eng kuchli Android-protsessor – Snapdragon 865 bazasida ishlaydi. Uning ekrani diagonaliga 6,9 dyuymlik bo‘lib, AMOLED matritsaga hamda 2K formatidagi tasvir sifatiga ega.