15 nafar yosh olim Germaniyaga yuboriladi

  • 15:43 / 13.08.2019
  • 393

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Germaniya Taʼlim va tadqiqotlar vazirligi bilan hamkorlikda puxta tadqiqot rejasiga ega 15 tagacha oʻzbekistonlik yosh olimlarning ilmiy ishlanmalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Germaniya tadqiqot institutlarida ikki hafta davomida malaka oshirishlari uchun grant dasturini eʼlon qiladi.

Amaliyot dasturi doirasida yosh olimlar Germaniya innovatsion ekotizimini oʻrganish maqsadida mamlakatning turli ilmiy va innovatsion markazlariga tashrif buyuradilar. Ular, shuningdek, Germaniyaning ilmiy-tadqiqot muassasalarida malaka oshirish imkoniyatiga ega boʻladilar.

Tanlovda aqlli shahar, atrof-muhitni oʻrganish, barqaror rivojlanish, qishloq xoʻjaligi va madaniy merosni asrashga qaratilgan innovatsion texnologiyalarni tadqiq etishga qaratilgan loyihalarga koʻproq eʼtibor qaratiladi. Aytib oʻtish kerakki, innovatsion faoliyatga yoʻnaltirilgan va natijalarini amaliyotga joriy qilishga qaratilgan loyihalar tanlovda ustunlikka ega boʻladi.

Nomzodlar 2019-yilning 31-avgustiga qadar roʻyxatdan oʻtib, kerakli hujjatlarning elektron nusxalarini taqdim etishlari lozim. Til bilish sertifikatlari (IELTS, TOEFL, CEFR, TestDaF, Goethe Zertifikat va boshqalar)ga ega, ingliz yoki nemis tilida ilmiy maqolalari chop etilgan nomzodlarga tanlovda ustunlik beriladi.

Tanlovning saralash jarayoni Oʻzbekiston Respublikasining Innovatsion rivojlanish vazirining yuqori martabali maslahatchisi Karsten Xayns rahbarligida Innovatsion rivojlanish vazirligi va hamkor tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.

Nomzodlarning ikki tomonlama aviachiptalari, Germaniyada turar joy va oziq-ovqat xarajatlari, Germaniya hududida ichki yoʻl xarajatlari va loyiha bilan bogʻliq boshqa xarajatlari tashkilotchilar tomonidan toʻliq qoplab beriladi.

Amaliyot dasturida ishtirok etib qaytgan nomzodlar 2019-yil oktyabr oyida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan “INNOWEEK” — innovatsion gʻoyalar haftaligi davomida tadqiqot natijalariga bagʻishlangan taqdimotlari yoki oʻz loyihalari bilan qatnashishlari lozim. Shuningdek, gʻoliblar oʻzlari birga ishlagan tashkilotlar bilan hamkorlikda Germaniya hukumati tomonidan oʻtkaziladigan ilmiy tanlovlar va grant dasturlarida ishtirok etish imkoniyatini qoʻlga kiritadilar.