1991-2019: Mustaqil O‘zbekiston tarixidagi 10 nafar prezidentlikka nomzod va ularning hozirgi faoliyati haqida bilasizmi?

  • 20:50 / 13.08.2019
  • 3543

Xabardor.uz nashri O‘zbekiston tarixidagi prezident saylovlari statistikasi, prezidentlikka nomzodlarning hozirgi faoliyati haqida qiziqdi va to‘plangan ma‘lumotlarni o‘quvchilarga taqdim etmoqda. Maqolada mustaqil O‘zbekiston tarixida o‘tkazilgan prezidentlik saylovlari, unda o‘z nomzodi bilan qatnashgan insonlarning hozirgi faoliyati xususida so‘z yuritilgan. 

1991 yil

Mustaqil O‘zbekistonda ilk prezidentlik saylovi 1991-yilning 29-dekabrda o‘tkazilgan. Unda ikki nomzod: O‘zbekiston xalq-demokratik partiyasidan Islom Abdug‘aniyevich Karimov va Erk demokratik partiyasidan Muhammad Solih ishtirok etgan. 

Foto: RIA Novosti

 
Saylovchilarning 94,2 foizi (9,9 mln) ishtirok etgan mazkur saylovda katta ustunlik bilan Islom Karimov 87,1 foiz ovoz olib (8 514 136) g‘alaba qilgan hamda O‘zbekistonning birinchi prezidentiga aylangan. 1 220 474 kishi uning raqibiga ovoz bergandi - 12,5 foiz. O‘sha saylovda "Barchaga qarshi" ovoz berish ham mumkin bo‘lgan va bu tanlov 36 525 kishi tomonidan amalga oshirilgan. 129 823 byulleten esa haqiqiy deb topilmagan.

2000-yil

1995-yilning 26-martida referendum bo‘lib o‘tgan va unda prezident vakolatini uzaytirish masalasi o‘rtaga tashlanadi. Ushbu tashabbusni referendumda ishtirok etganlarning 99,6 foizi qo‘llab-quvvatlab, prezident Islom Karimov vakolati 2000 yilgacha uzaytiriladi. Referendumda faqat 0,4 foiz saylovchi “yo‘q” javobini bildirgan. Davomat 99,3 foiz.

2000-yilning 9-yanvarida o‘tkazilgan prezidentlik saylovida Islom Karimov “Fidokorlar” partiyasidan o‘z nomzodini qo‘yadi. Unga O‘zbekiston xalq demokratik partiyasi vakili Abdulhafiz Jalolov raqib bo‘ladi.

Saylovda davomat 95,1 foizni tashkil qilgan (Bu saylovlar tarixidagi eng yuqori ko‘rsatki). Unda 95,7 foiz saylovchi (11 147 621 kishi) Islom Karimovga ovoz bergan (O‘zbekistondagi saylovlar tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich), 4,3 foiz saylovchi (505 161 kishi) Abdulhafiz Jalolov nomzodini yoqlagan. 470 417 byulleten haqiqiy emas deb topilgan. 

Abdulhafiz Jalolovning keyingi faoliyatiga nazar solsak, u 2001-yilda Falsafa va huquq instituti direktorligi, 2003-yilda XDP Markaziy kengashi birinchi kotibligidan ozod etiladi. Shundan soʻng Yuristlar malakasini oshirish markazi hamda Oliy pedagogika instituti professori lavozimlarida ishlaydi. A.Jalolov 2019-yil 29-iyulda vafot etib, Namangandagi oʻzi tugʻilib-oʻsgan qishloqda dafn etildi.

2007-yil 

2002-yil yanvarida referendum bilan Prezident vakolat muddatiga 7 yilga uzaytiriladi va bu norma Prezidentning amaldagi vakolat muddatiga tatbiq qilinadi. Shunday qilib, keyingi saylov 2007-yilda o‘tkaziladi.

Bu safargi saylovda amaldagi prezident Islom Karimov yangi tuzilgan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod bo‘ladi. Unga O‘zbekiston xalq demokratik partiyasi vakili Asliddin Rustamov, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi vakili Dilorom Toshmuhammedova hamda mustaqil nomzod Akmal Saidov raqiblik qilgan.

Saylovda saylovchilar faolligi 90,6 foizni tashkil qildi (14,765,444). Natijalarga ko‘ra, Islom Karimov 13 milliondan ortiq saylovchining ovoziga ega bo‘lib, 90,76 foiz to‘plagan va navbatdagi muddatga saylangan. Uning raqiblari Asliddin Rustamov, Dilorom Toshmuhammedova va Akmal Saidov mos ravishda 3,27 foiz, 3,03 foiz va 2,94 foizdan ovoz olishgan.

Asliddin Rustamov 2007-2012-yillarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.Afsuski, A.Rustamovning keying ish faoliyati xususida internetda ma’lumotlar topa olmadik.

O‘zbekiston tarixidagi prezidentlikka ilk va hozirga qadar yagona ayol nomzod Dilorom Toshmuhammedova 2007-2015-yillarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri, 2018-yildan hozirgi vaqtga qadar — Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy amaliy tadqiqot  markazi rahbari sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Mutaxassisligi bo‘yicha tibbiyot fanlari nomzodi.

Akmal Saidov
Foto: Kun.uz

Akmal Saidov 2000-yildan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining ikkinchi chaqiriq deputati, Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi, 2005-yildan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi deputati, Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi, 2010-yildan boshlab esa O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi deputati, Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi sifatida faoliayat yuritib kelmoqda.

U 2018-yildan - Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi maslahat kengashi raisidir. 1996 yil oktyabr oyidan beri Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.. 2017-yildan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining haqiqiy a’zosi.

2015-yil

Prezident vakolatining ikkinchi muddati 2014-yil dekabr oyida tugashi kerak edi. Ammo parlament saylovi bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelib qolishi munosabati bilan saylov parlament saylovi yakunlari chiqarilganidan so‘ng 3 oy ichida, ya'ni 2015-yil 29-mart kuni o‘tkazilgan.

Bu safargi saylovda saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan 20 million 798 ming 52 nafar saylovchidan 18 million 942 ming 349 nafari ovoz berishda ishtirok etganini aniqladi. Bu saylovdagi davomat 91,08 foizni tashkil qilganini ko‘rsatadi.

Saylovchilarning 17 million 122 ming 597 nafari yoki 90,39 foizi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Islom Abdug‘aniyevich Karimovni yoqlab ovoz berdi. O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Akmal Xolmatovich Saidovga 582 ming 688 nafar yoki 3,08 foiz saylovchi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Hotamjon Abdurahmonovich Ketmonovga 552 ming 309 nafar yoki 2,92 foiz saylovchi, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Narimon Majitovich Umarovga 389 ming 24 nafar yoki 2,05 foiz saylovchi ovoz berdi.

Hotamjon Ketmonov
Foto: ndp.uz

Hotamjon Ketmonov 2015-2019 — Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari sifatida faoliyat yuritgan. 

2019-yildan boshlab u o‘z faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari sifatida davom ettirmoqda.

Narimon Umarov esa 2015-yildan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari, Oʻzbekiston „Adolat“ SDP fraksiyasi rahbari sifatida faoliyat koʻrsatmoqda. 

2016-yil 

2016-yilning sentabrida O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov vafot etdi va maxsus majlisda “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonunga asosan  shu yilning 4-dekabrida muddatidan oldin Prezidentlik saylovlari o‘tkazilishi belgilandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Unda O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasidan Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Hotamjon Ketmonov, O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasdan Narimon Umarov, O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasidan Sarvar Otamuratov nomzodi qo‘yilgan.

Saylovda 17 million 951 ming 667 saylovchi ishtirok etdi va davomat 87,3 foizni tashkil qildi. Bu O‘zbekistondagi prezidentlik saylovlari tarixidagi nisbatan eng past ko‘rsatkichdir.

Saylovchilarning 88,61 foizi Liberal-demokratlar partiyasi nomzodi Shavkat Mirziyoyev uchun ovoz berishdi. Shavkat Mirziyoyev nomzodini 15 906 724 kishi qo‘llab-quvvatlagan. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi vakili Hotamjon Ketmonov va O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi vakili Narimon Umarov mos ravishda 3,73 (669 187 kishi) va 3,46 foizdan (619 972 kishi) ovoz to‘plagandi. O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasidan nomzod bo‘lgan Sarvar Otamuratovga 2,35 foizi ( 421 ming 55 nafar saylovchi) ovoz bergan.

Sarvar Otamurodov
Foto: Kun.uz

Sarvar Otamurodov 2013-yilda Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi etib saylangan. 2015-yildan bir vaqtning oʻzida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari, Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari sifatida faoliyat koʻrsatgan.

2019-yildan boshlab S.Otamurodov “O‘zagrosug‘urta” aksionerlik jamiyati rahbari lavozimida  ishlab kelmoqda.

2016-yil dekabrdan beri Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimida faoliyat yuritmoqda. O‘tgan davr mobaynida prezidentimiz xalqimiz farovonligi yo‘lida ko‘pgina ishlarni amalga oshirdi. 

Birgina misol, yaqinda “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan tajribali iqtisodchilar, siyosiy sharhlovchilar, yetuk olimlar, madaniyat arboblari, nufuzli jurnalistlar, huquq himoyachilari hamda mustaqil tadqiqotchilardan iborat 100 nafar mahalliy va xorijiy ekspertlar bazasi shakllantirildi va O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilgan muhim tashabbuslar ro‘yxati tuzildi.

Foto: Prezident matbuot-xizmati

Mustaqil ekspertlar tomonidan prezident Shavkat Mirziyoyevning tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan TOP-10 ta eng muhim tashabbuslari ro‘yxati tuzildi.

Unga ko‘ra, eng muhim tashabbus deya, Yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari, chegaralarning ochilishi va nazorat-kiritish punktlarining tashkil etilishi. Markaziy Osiyo davlatlari bilan barcha masalalar bo‘yicha konstruktiv muloqot o‘rnatilgani e'tirof etildi — 96 ta ovoz;

Ro‘yxatning keyingi o‘rinlaridan quyidagi tashabbuslar joy oldi: 

2. Valuta bozorining erkinlashtirilishi, naqd pul bilan bog‘liq muammolarning bartaraf etilishi — 90 ta ovoz;
3. Majburiy mehnat, shu jumladan bolalar mehnatiga barham berilishi — 79 ta ovoz;
4. Oliy ta'lim muassasalariga qabul kvotalarining oshirilishi, milliy va xorijiy universitetlar filiallarining ochilishi — 78 ta ovoz;
5. Ommaviy axborot vositalarining jamiyatdagi, muhim hukumat qarorlari qabul qilinishidagi rolining oshirilishi — 69 ta ovoz;
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalarining joriy etilishi — 63 ta ovoz;
7. Huquqni muhofaza qilish organlari va qurolli kuchlar tizimini isloh qilinishi — 61 ta ovoz;
8. Soliq islohotlari, tadbirkorlik sub'yektlari uchun soliq yukining kamaytirilishi, tadbirkorlar uchun soliq ta'tilining e'lon qilinishi — 59 ta ovoz;
9. Davlat xizmatlari tizimini rivojlantirish, ularning sifati va samaradorligini bosqichma-bosqich oshirish — 58 ta ovoz;
10. Mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlanishi bo‘yicha chora-tadbirlar, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha xalqaro muloqotning kuchaytirilishi — 57 ta ovoz.