20-sentyabrdan barcha ommaviy tadbirlarni o‘tkazishga ruxsat berildi

  • 10:43 / 20.09.2021
  • 177

Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida mamlakatimizda karantin talablarini qisqartirish orqali aholiga madaniy va maʼnaviy hordiq chiqarish hamda dam olishlarini mazmunli o‘tkazish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalasi atroflicha muhokama qilindi.

SSV axborot xizmati maʼlum qilishicha, tegishli mutasaddi tashkilotlarning takliflarini inobatga olgan holda, Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan 2021-yil 20-sentyabrdan boshlab mamlakatimizda tomosha, madaniy-ko‘ngilochar (teatr, kinoteatr, konsert zallari), ommaviy tadbirlar va yig‘ilishlarni ochiq maydonlar hamda yopiq majmualarda o‘tkazishga ruxsat berildi.

Madaniy-ko‘ngilochar, ommaviy tadbirlar va yig‘ilishlarni o‘tkazishda quyidagi karantin cheklovlariga rioya etish talab qilinadi:

–         madaniy-ko‘ngilochar obyektlar (teatr, kinoteatr, konsert zallari) ishchi va xodimlari hamda ommaviy tadbirlar tashkilotchilari va xizmat ko‘rsatuvchilari bo‘lgan shaxslar (salomatligi bo‘yicha qarshi ko‘rsatma bo‘lgan xodimlari bundan mustasno) koronavirusga qarshi vaksinaning (turidan qatʼi nazar) kamida 2 ta dozasi bilan emlanganligi to‘g‘risidagi QR-kodli sertifikati mavjud bo‘lishi lozim;

–         madaniy-ko‘ngilochar (teatr, kinoteatr, konsert zallari faoliyati) va ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda tashrif buyuruvchilar:

tibbiy niqobda bo‘lish;

antiseptik vositalardan foydalanish;

kirish joylarida tana haroratini o‘lchash kabi muhim sanitariya-gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya etishlari shart.

Shu bilan birga madaniy-ko‘ngilochar (teatr, kinoteatr, konsert zallari faoliyati) va ommaviy tadbirlarni o‘tkazish obyektlariga faqatgina koronavirusga qarshi vaksina bilan emlanganligi to‘g‘risidagi QR-kodli sertifikati mavjud bo‘lgan tashrif buyuruvchilarni kiritilishi (salomatligi bo‘yicha qarshi ko‘rsatmalar  bo‘lgan fuqarolar bundan mustasno) tavsiya etildi.