2019-yil yangi rekord o‘rnatdi: nega iqlim o‘zgarayapti?

  • 22:24 / 26.03.2020
  • 1180

2019-yil shu paytgacha qayd etilgan eng issiq yillardan biri bo‘ldi. Yuqori harorat, o‘rmon yong‘inlari, azaliy muzliklarning erishi, chekinayotgan muzliklar, dengiz sathining ko‘tarilishi barchani vahimaga solib qo‘ydi. Atmosferaga chiqarilayotgan is gazining miqdori ham million yil davomidagi eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi. 

Ispaniyaning Madrid shahrida bo‘lib o‘tgan BMTning 25-iqlim konferensiyasida 2019-yilda qanday olamshumul iqlim o‘zgarishlari yuz berganligi muhokama qilindi.
Shuningdek, “Euronews” muxbiri Jeremi Vilks yetakchi mutaxassislarga iqlimga oid savollar bilan murojaat qildi. 

Jeremi Vilks, Euronews:
– 2019-yilda iqlim bo‘yicha barcha ko‘rsatkichlar rekord darajaga yetdi. Xususan, yil boshida Shimoliy Amerikada -30 daraja sovuq harorat kuzatildi. Yoz oylari Fransiyada +46 darajali rekord harorat hukm surdi. Bu yangi ko‘rsatkichlarni yangicha me’yor deb hisoblab, unga ko‘nikishimiz kerakmi? 

Maks Dilley, Jahon meteorologiya Tashkiloti:
– 2019-yil sanoat inqilobi davridan beri tarixda kuzatilgan ikkinchi, yo uchinchi eng iliq yil bo‘ldi. Bu – rekord ko‘rsatkichdan 1,1 darajaga yuqori. Oxirgi marta Yer shari bunday harorat bilan to‘qnash kelganida dengiz sathi hozirgidan 6-9 metrga yuqori edi. Demak, havo harorati oshgani sari muzliklar erib, dengiz sathi ham ko‘tarilib boraveradi. Endi dengiz va daryo bo‘ylarida istiqomat qiladigan aholini o‘ylang. Agar dengiz sathi hozirgidan 6-9 metrga ko‘tarilib ketsa, ularning ahvoli nima kechadi?

Vansen-Enri Pyosh, “Kopernik” dasturi bo‘yicha iqlim o‘zgarishini kuzatish xizmati:
– Ha, bu biz uchun kutilmagan holat bo‘lgani yo‘q. Yildan-yilga rekordlar oshib bormoqda va qaysidir ma’noda biz bunga ko‘nikib boryapmiz. Biroq ortga nazar tashlaydigan bo‘lsak, hozirgi 5 yil biz uchun butun insoniyat tarixidagi eng issiq yillar bo‘ldi. Ushbu barcha rekordlar, ya’ni ayrim mintaqalarda havo haroratining ikki, uch darajaga ko‘tarilgani, bu – “Kopernik” dasturi doirasidagi iqlim o‘zgarishini kuzatish xizmati tomonidan Yer yuzida ilgari o‘rganilmagan holat hisoblanadi.

Xususan, 2019-yilning noyabr oyida harorat sanoat inqilobigacha kuzatilgan o‘rtacha havo haroratidan 1,3 darajaga ortiq bo‘ldi. Mazkur oyda yog‘ingarchiliklar ham ko‘p kuzatildi. Kuchli yomg‘ir va sel toshqinlari Italiya va Adriatika sohillari bo‘ylab Bolqon oroli sohillariga qadar yetib bordi. Norvegiya hamda Qora Dengiz qirg‘oqlarida odatdagidan quruq ob-havo kuzatildi.

Bundan tashqari, davomli o‘rmon yong‘inlari tufayli Avstraliya janubi-sharqida bahor odatdagidan issiq va quruq kechgan.

Jeremi Vilks, Euronews:
–  2018-yilda biz atmosferaga rekord darajada yuqori is gazi chiqardik. Biroq BMTning iqlim o‘zgarishlariga bag‘ishlangan Konferensiyasida biz emissiyalarni kamaytirish haqida gaplashmoqdamiz. Haqiqiy holat va sa’y-harakatlar o‘rtasidagi tafovut ortib ketmayaptimi?
 
Glen Piters, Norvegiyadagi Xalqaro iqlim tadqiqotlar markazi:
– Darhaqiqat, karbonat angidrid gazining atmosferaga chiqarilishi oxirgi o‘n yil davomida muntazam o‘sib bormoqda. Atmosfera chiqindilari 1990-yildan beri 60 foizga, 2015-yilda Parij bitimi imzolanganidan beri 4 foizga oshdi. Shundan xulosa qilib aytish mumkinki, bitimlar imzolanib, siyosiy chiqishlar bot-bot yuz berayotgani bilan haqiqiy ahvol o‘nglanib qolayotgani yo‘q. 

Jeremi Vilks, Euronews:
– Atmosferaga chiqarilayotgan is gazi miqdorining oshishi bizga qanday xavf tug‘diradi?

Yori Rogel, London imperial kolleji iqlimshunosi:
– Hammasi juda oddiy. Atmosferaga chiqarilayotgan har bir tonna is gazi bizga qo‘shimcha issiqlikni olib keladi. Shu tariqa biz yildan-yilga haroratni ko‘tarib, okeanlar faollashuvini chaqiramiz.

Jeremi Vilks, Euronews:
– Ekofaollar siyosatchi olimlarga quloq solishi kerak, degan fikrda. Siyosatchilar sizga quloq tutishadimi?

Yori Rogel, London imperial kolleji iqlimshunosi:
– Unchalik emas. 2015-yilda ular Parijda Yer yuzida harorat ko‘tarilishini 1,5-2 darajadan past holatda saqlashga kelishib olishgandi. Va olimlar buni qanday amalga oshirish lozimligini aytib bergandilar. Buning uchun atmosferaga zaharli moddalarning chiqarilishi 21-asr o‘rtalariga kelib taqa-taq to‘xtashi kerak. Agar bu yil ham havoga chiqarilayotgan chiqindi gazlar miqdori o‘sishda davom etaversa, barcha ilmiy nazariyalar befoyda qolib ketaveradi. 

Ozoda HALIMOVA tayyorladi