2019-yil O‘zbekiston armiyasi uchun qanday voqealar bilan yodda qoldi?

  • 11:47 / 14.01.2020
  • 505

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi tizimida 2019-yil davomida bir qator islohotlar amalga oshirildi, harbiy xizmatchilar tomonidan xalqaro maydonlarda yuksak natijalar qayd etildi. 

E’tiboringizga yil davomida erishilgan eng muhim yutuqlar ketma-ketligini taqdim etamiz.

Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlarning oliy ta’limgacha muassasalari o‘rtasida ilk bor o‘tkazilgan xalqaro olimpiadada O‘zbekiston “Temurbeklar maktabi” o‘quvchilari 2-o‘rinni egalladi.

Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan 1239 nafar askarga imtiyozli kreditlar ajratildi.

Harbiy sohada maxsus tibbiy ko‘rik bosqichlari ikki barobarga qisqardi.

O‘zbekiston Prezidentining qaroriga asosan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Maxsus fakulteti Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti etib qayta tashkil qilindi.

O‘zbekiston Qurolli Kuchlari Axloqiy-ruhiy ta’minot konsepsiyasi tasdiqlandi.

Mudofaa vazirligi qo‘shinlari faoliyatiga zamonaviy ilmiy-texnik va ratsionalizatorlik ishlanmalarini kiritish maqsadida ilk bor  “TECHNO DISCOVERY – 2019” festivali o‘tkazildi.

Mudofaa vazirligi tashabbusi bilan 200 dan ortiq harbiy sozandalar “Yoshlar kuni”ga bag‘ishlab Xalqlar do‘stligi maydonida orkestrlar festivalini o‘tkazdi.

O‘zbekiston armiyasining jangovar samardorligi 10-12 foizga, jangovar qudrati qariyb ikki barobarga oshdi.

Kattaqo‘rg‘onda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi tizimidagi eng katta harbiy poligon qurib, foydalanishga topshirildi.

“Xalqaro armiya o‘yinlari – 2019”ning “Tank biatloni” yo‘nalishi bo‘yicha ilk bor ishtirok etgan o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar eng yaxshi natijani qayd etib, g‘alabaga erishdi. Shuningdek, “Forish” poligonida o‘tkazilgan “Harbiy-tibbiy estafeta”da ham hamyurtlarimiz birinchilikni qo‘lga kiritdi.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari Rossiya Federatsiyasida o‘tkazilgan “Markaz – 2019” xalqaro o‘quv-mashg‘ulotida qatnashdi. 

O‘zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasida zamonaviy harbiy mojarolarga bag‘ishlangan birinchi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.

O‘zbekiston harbiylari Angliyada o‘tkazilgan xalqaro “Kembriya patruli” tanlovida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Rossiya harbiy akademiyasida O‘zbekiston armiyasiga bag‘ishlangan maxsus burchak paydo bo‘ldi.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari AQSh harbiy xizmatchilari (Missisipi, AQSh) o‘rtasida har yili an’anaviy ravishda o‘tkaziladigan “Eng yaxshi jangchi” harbiy tanlovida ishtirok etib, o‘z toifalarida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Xabardor.uz jamoasi O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlarining 28 yilligi hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan barchani muborakbod etadi!