2019-yilda tekshirilgan tashkilotlarning 80 foizida moliyaviy xatoliklar aniqlangan. Ularning aksariyati noqonuniy xarajatlar bilan bog‘liq

  • 17:33 / 02.06.2020
  • 248

Parlament quyi palatasi deputatlari Davlat byudjetining 2019-yil yakunlari va 2020-yilning 1-choragi yakunlari bo‘yicha ijrosi haqidagi hisobotni tingladilar.

 “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi lideri Alisher Qodirovga ko‘ra, partiya ushbu masala yuzasidan quyidagi takliflarni kiritgan:

– mavjud 9 691ta maktablarning 1 350tasi rekonstruksiya, 1 312tasi mukammal ta’mirlashga muhtoj. 173 ta yangi maktab qurilishi zarur. Maktablarni zamonaviy jihozlashga yetarli e’tibor qaratilmayapti. Ushbu maqsadlarga 29,1 trln. mablag‘ ajratilishi kerak. 2021-yil byudjetida ushbu masalani hozirdan rejalashtirilishi kerak;
– “Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonun loyihasini dekabr oyida kiritilishi byudjet tashkilotlarining aprel oyigacha to‘laqonli faoliyat ko‘rsatishiga to‘sqinlik qilmoqda. Masalan hisobot davrida joriy xarajatlar Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan 19 foizga, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan 23,7 foizga ijro qilingan. Hukumat tomonidan kelgusi yil uchun byudjet qonun loyihasi joriy yilning 1-sentyabrigacha kiritilishi va 10-noyabrigacha qabul qilinishi kerak;
– byudjet tashkilotlarida olib boriladigan nazorat faoliyatlari moliyaviy xatoliklarni muntazamlashganligini ko‘rsatmoqda. 2019-yilda tekshirilgan tashkilotlarning 80 foizida moliyaviy xatoliklar aniqlangan va ushbu xatoliklarning 90 foizga yaqini noqonuniy xarajatlardan iborat. 2020-yilning 1-choragida ham holat deyarli aynan takrorlangan. Bu masalada muammo borligi yaqqol ko‘rinmoqda. Sohada jiddiy islohotlarga zarurat bor.

Shuningdek, deputat Rasul Kusherbayev o‘zining Telegram dagi kanalida Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2019-yildagi ijrosi to‘g‘risidagi hamda "Byudjet"ning 2020-yil 1-choragidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlar ko‘rib chiqilib tasdiqlangani haqida yozdi.

“Lekin o‘tgan yilgi byudjetni nima uchun yarim yillik tugashiga bir oy qolganida ko‘rganimiz sababiga baribir tushunmadim”, deya o‘z munosabatini qoldirgan Rasul Kusherbayev.