2020-yildan boshlab paxta xomashyosi eksporti to‘xtatiladi

  • 17:21 / 09.10.2019
  • 497

O‘zbekiston 2020-yildan boshlab paxta xomashyosini xorijiy davlatlarga eksport qilishni to‘xtatadi. Bu haqda mamlakat investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Yaponiyaning Nikkei Asian Review nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Vazirning bildirishicha, O‘zbekiston butun hosilni mamlakatda ichida qayta ishlab, chet elga yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar – to‘qimachilik mollarini yetkazib beradi.

“Kelgusi yildan boshlab biz paxta xom ashyosini eksport qilmaymiz, chunki biz qo‘shimcha qiymatli mahsulotlarni qayta ishlash va ishlab chiqarish quvvatini yaratdik”, dedi u. – Bizning ulkan bozorimiz qo‘shni davlatlarda, shuningdek, keyin esa boshqa mamlakatlarda, jumladan, Xitoy va AQShda ham mavjud.”

Prognozlarga ko‘ra, bu yil O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlari eksporti 2 milliard dollarga, 2025-yilda esa 8 milliard dollarga yetkaziladi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston chet elga paxta tolasi yetkazib berishni asta-sekin kamaytirmoqda. Statistikaga ko‘ra, 2010-yilda O‘zbekiston 1,5 milliard dollarlik paxta tolasi eksport qilgan. 2015-yilda bu raqam 736 million dollarni, 2018-yilda esa 222 million dollarni tashkil etdi.

Nikkei Asian Review nashri Fransiyaning IFRI tadqiqot instituti ma’lumotlarini e’lon qildi, unga ko‘ra 2018-yilda Xitoy 786 ta O‘zbekiston kompaniyasiga, Yaponiya esa atigi 17ta kompaniyaga sarmoya kiritgan.

Umurzoqovning aytishicha, O‘zbekiston hukumati innovatsion yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni joriy qilishi mumkin bo‘lgan har qanday mamlakatdan investitsiyalarni qabul qiladi. “Agar ular bizga yaqin kelajakda O‘zbekistonni eng rivojlangan 20 mamlakat qatoriga qo‘shilishimizga yordam berishsa, unda nega biz ulardan foydalanmasligimiz kerak?” deydi u.

O‘zbekistonda yiliga 1,2 million tonna paxta tolasi ishlab chiqariladi.