2021–2022-o‘quv yilidan boshlab respublikaning 7ta oliy ta’lim muassasasida mahkumlar ham tahsil olishni boshlaydilar

  • 11:12 / 15.05.2020
  • 344

2021–2022-yillarda ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan shaxslarning masofaviy ta’lim shakli orqali umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi va oliy ta’lim olishi uchun imkoniyat va sharoitlarni yaratishga oid Prezident qarori loyihasi e’lon qilindi.
 
Unga ko‘ra, 2021–2022-o‘quv yilidan boshlab ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan shaxslarning masofaviy ta’lim shakli orqali:

umumiy o‘rta ta’lim olishi uchun jazoni ijro etish muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan umumta’lim muassasalarida;

o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi olishi uchun jazoni ijro etish muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan kasb-hunarga o‘qitish markazlarida;

oliy ta’lim olishi uchun quyidagi:
– Andijon mashinasozlik institutining Maxsus o‘quv guruhi (Avtomobilsozlik va traktorsozlik);
– Navoiy davlat konchilik institutining Maxsus o‘quv guruhi (Konchilik ishi);
– Samarqand veterinariya medisinasi institutining Maxsus o‘quv guruhi (Veterinariya profilaktikasi va davolash);
– Toshkent arxitektura-qurilish institutining Maxsus o‘quv guruhi (Bino va inshootlar qurilishi);
– Toshkent davlat texnika universitetining Maxsus o‘quv guruhi (Elektronika va avtomatika);
– Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining Maxsus o‘quv guruhi (Yengil sanoat texnologiyasi va dizayn);
– O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Maxsus o‘quv guruhi (Tarjima nazariyasi va amaliyoti (ingliz, nemis, fransuz tillari) 
oliy ta’lim muassasalarida maxsus o‘quv guruhlari tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.

Hujjat loyihasiga muvofiq maxsus o‘quv guruhida ta’lim oluvchilar soni 30 kishidan ortiq bo‘lmaydi va maxsus o‘quv guruhlarida ta’lim oluvchilarning soni oliy ta’lim muassasalarining belgilangan umumiy qabul kvotalari soniga kirmaydi. Maxsus o‘quv guruhlari  O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan moliyalashtiriladi.

Shuningdek, mazkur tartiblarni muvofiqlashtirish maqsadida Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasining tashkiliy-shtat tuzilmasiga Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi boshlig‘ining ta’limni tashkil etish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi kiritiladi.

Uning zimmasiga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan shaxslarning ta’lim olishini samarali tashkil etish va ta’lim muassasalari bilan uzviy hamkorlikni ta’minlash uchun shaxsiy javobgarlik yuklanadi.

O‘z o‘rnida Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasida Ta’limni tashkil etish boshqarmasi ham tashkil etiladi.

Ta’limni tashkil etish boshqarmasining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanishi mumkin:

jazoni ijro etish muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan umumta’lim muassasalari va kasb-hunarga o‘qitish markazlari faoliyatini muvofiqlashtirish va uslubiy rahbarlik qilish;
ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan shaxslarning umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi va oliy ta’lim olishini samarali tashkil etish va ta’lim muassasalari bilan uzviy hamkorlikni ta’minlash;
ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan sobiq talabalarning (o‘quvchilarning) ta’lim muassasalaridagi o‘qishini masofaviy ta’lim shakli orqali davom ettirishini tashkil etish;
ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan shaxslarning masofaviy ta’lim shakli orqali ta’lim olishi va fanlarni o‘zlashtirishi uchun zarur sharoitlar yaratilishini ta’minlash.