2022 yilga qadar brendingda yuz berishi mumkin bo‘lgan 10 tendensiya

  • 13:19 / 14.02.2017
  • 10955

Fast Company nashri dunyoning eng yirik agentliklaridagi brending bo‘yicha ekspertlarni 2022 yilga borib brending qanday o‘zgarishiga bog‘liq taxminlari bilan bo‘lishishni so‘radi. vc.ru ekspertlarning bu boradagi 10 taxminini to‘liq chop etdi.

"2017 yil brendingda keskin o‘zgarishlar yili bo‘ladi. Biroq besh yildan keyin, ya'ni 2022 yilda biz bilgan brending umuman yo‘q bo‘lib ketishi mumkin. Albatta, oldindan bashorat qilish qiyin (ayniqsa gap 5 yil haqida ketganda), shunday ekan, ularni haddan ziyod jiddiy qabul qilmaslikni so‘raymiz", - deb yozadi Fast Company.


1. Brendlar inson tanasiga singdiriladi

Nyu-Yorkning Wolff Olins agentligi strategiya rahbari Melani Maksheynning fikricha, yaqin 5 yil brendlarning birinchi to‘lqini iste'molchilarning tanasiga singdiriladi.

Dizaynerlar texnologiyalar bizning terimizni qanday to‘ldirishi mumkinligini haqida allaqachon bosh qotirishmoqda.

Maksheyn misol tariqasida Shvetsiyadagi Epicenter idorasini keltiradi, uning rahbariyati binodagi barcha ishchilarning terisiga chip o‘rnatish taklifini bergan. Biznes-markazga kim kirayotgani shu tariqa nazoratdan  o‘tkaziladi. "Bu hozircha bor-yo‘g‘i tajriba, biroq tez orada u tendensiyaga aylanadi".


2. Har bir insonning o‘z logosi bo‘ladi

"Bugungi kunda deyarli har bir brend, kompaniya va tadbirkorning o‘z logosi bor. Barcha uchun shaxsiy logo yaratish mantiqiy qadamdir", - deydi Chermayeff & Geismar & Haviv firmasi hamkori Sagi Hagiv. Uning so‘zlariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari o‘zlariga "avatar" tanlab, shunga qarab ketishmoqda.

Har bir inson ularni hamma yerda tanishtiruvchi oddiy va samarali grafik logoga ega bo‘lishni istaydi.


3. Mavjud brendlar yordamida yangilarini yaratish

Base agentligi hamkori Jyeff Kukning fikricha, 5 yildan so‘ng xaridorlar do‘kon peshtaxtalaridan hech nima olgilari kelmay qoladi. "Har bir inson o‘ziga kerakli narsaning shaxsiy versiyasini yaratishi mumkin. Boshqa brend doirasidagi yangi brend. Masalan, men oddiy Nike Free Run krossovkalarini xarid qilmayman - men shaxsan o‘zim loyihalashtirgan Geoff Cook Free Run sotib olaman".

Dizaynni ixtiro qilgan insonning do‘stlari uning muallifligidagi mahsulotlarni xarid qilishlari mumkin bo‘ladi. Eng omadli xaridorlar esa o‘zlari va shaxsiy brendlari atrofida butun bir jamoatchilikni shakllantirishlari mumkin.


4. Xaridor davri

Interbrand kompaniyasining bosh direktori Yyez Fremptonning taxmin qilishicha, yaqin kelajakda biznes o‘z faoliyatining avvalidanoq taniluvchi brend yaratish borasida o‘ylay boshlaydi – startaplar xaridorlar bilan chuqur munosabatlar o‘rnatib, ularning har biriga alohida yondashishadi.

“Sun'iy intellekt, shaxsiy yordamchilarni tarqatish – bularning barchasi kompaniyalar omon qolishi uchun iste'molchiga diqqatni qaratishga to‘g‘ri kelgan davrda yordam beradi. Ishonch va servis darajasi faqat oshadi”, - deya izoh beradi Frempton Fast Company uchun.

                                                

5. Brendlar mashinalar orasida o‘zini targ‘ib qilishiga to‘g‘ri keladi


“Mashinalar ko‘plab qarorlarni o‘z zimmasiga oladi, brendlar esa Alexa, Siri yoki Facebook Messenger’dagi botlar miriadasidan birini aynan ularning mahsulotini qo‘lga kiritishga majbur qilishiga to‘g‘ri keladi. Brend mijozga yetib borishidan avval u mashinaga o‘zi haqida ma'lumot berishi kerak bo‘ladi. Buni steroidlardagi SEO deb atashingiz mumkin”, - deydi Lippincott kompaniyasining strategiya va innovatsiya bo‘limi rahbari Jon Marshall.

Bunday sharoitlarda brendga ishonch, kompaniyaning mashhurligi va boshqa mavhum ko‘rsatkichlar o‘z o‘rnini o‘lchanuvchi parametrlar – sifat va turli reytinglarga bo‘shatib beradi. Marshallning fikricha, asosiy qiyinchilik – algoritmlar qaror qabul qiladigan asrda brendning nima evaziga raqobatni yutishi mumkinligini tushunishda.


6. Brendlar yaratishda sun'iy intellekt

2022 yilga borib sun'iy intellekt algoritmlari brendlarni loyihalashtirishga qodir bo‘lish ehtimoli yuqori, deb hisoblaydi Moving Brands San Francisco kreativ direktori Jyeyms Tramp.

Masalan, siz brendning sohasi, asosiy qadriyatlari haqida ma'lumot kiritasiz va shunga oid bir necha tayyor variant olasiz, kerak bo‘lsa, unga qo‘shimcha ishlov berasiz. 

3D-rendering va sun'iy intellekt sohasidagi yutuqlar ham real illyustratsiyalar hamda promoroliklar yaratishda yordam beradi. “Badiiy ishlar avtomatlashtiriladi. Kreativ mutaxassislarning vazifasi uni yanada originallashtirishdan iborat bo‘ladi”.


7. Brendlar o‘z o‘limidan keyin ham yashashda davom etadi

“12 yil ilgari Facebook haqida hech kim eshitmagandi, endi esa bu kompaniya Fortune 500 ro‘yxatiga kiradi. Snapchat ilovasi Vine’ni tugatdi. Scion, Spors Authority, Pets.com, Montgomery Wards, Borders va Blockbuster Video – barchasi yo‘q bo‘ldi. Avvallari kompaniya halokatidan keyin uning biznesi ham yopilgan. Biroq texnologiyalar asrida loyiha “o‘limi”dan so‘ng mijozlar va ularning tajribasiga oid ma'lumotlar nima bo‘ladi?”, - deydi Siegel+Gale rahbari Jyeyson Kislak.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kelgusida brendlar bunday ssenariylarni oldindan o‘ylab qo‘yishiga to‘g‘ri keladi. Shunda mijozlarga oid  ma'lumotlar xavf ostida qolmaydi.


8. Brendlar mem sifatida rivojlanadi

Landor kompaniyasining strategiya direktori Tomas Ordalning taxminicha, 2022 yilga borib mem sifatidagi yirik brendlar yuzaga keladi – ularni kompaniyalarning o‘zi emas, nazorat va iyerarxiya bo‘lmagan butun boshli jamoalar yaratadi.

“Kompaniyalar faqat ularning brendi va jamoalariga xizmat qilish – brend qadriyatlarini ifodalovchi mahsulotlar, servislar, tajribalar yaratishgina qoladi. Albatta, buni hamma ham uddalay olmaydi – faqat ba'zilarigina muvaffaqiyatga erishadi”, - deya izoh beradi u.


9. Tanish markaning o‘rniga tajriba

“Taniluvchi markaning mohiyati keskin kamayadi, brend identifikatsiyasi esa uqadar katta ahamiyatga ega bo‘lmaydi. Korporatsiyalar o‘z xaridorlariga taqdim etuvchi tajribalariga tayanishadi. Mehmonxona servisi va elektronika sohasida hozirning o‘zidayoq shunday tendensiyani kuzatish mumkin”, - deydi HUSH agentligi hamkori Devid Shvars.


10. Brendlar eskiradi

“Dunyo hattoki so‘nggi besh haftada ham o‘zgarishga ulgurdi, shu bois kelasi besh yildan butkul kutilmagan narsalarni kutish mumkin. Biroq o‘ylashimcha, texnologiyalar keng tarqalgani sayin ko‘p odamlar ulardan uzoqlashib, kamroq “raqamlangan” hayotga qaytishni istab qolishadi. Brendlar bundan foydalanib qolishi mumkin. Real aloqa, haqiqiy yangiliklar va hikoyalar bizga nisbatan to‘g‘ri qarorlar chiqarishga yordam beradi”, - deya taxmin qiladi Brand Union agentligi bosh direktori Tobi Sautgeyt. 

Teglar