2050 yilni kutishga arzirli 11 sabab

  • 07:12 / 19.01.2017
  • 18167

Atrofimizdagi olam har 100 yilda emas, har yili o‘zgarmoqda. Bizning soatlarimiz, ko‘zoynaklarimiz, mashinalarimiz va hatto xonadonlarimiz allaqachon "aqlli" bo‘lib ulgurdi, oldinda bizni nimalar kutayotganini bilishni xohlaysizmi? AdMe.ru kelajak dunyosi qanday bo‘lishiga doir 11 ilmiy tushunchani to‘pladi.

 

Ekosayohatlar

Ekoturlar, ekoparvozlar, ekomehmonxonalar, ekoko‘ngilochar maskanlar - borgan sari ko‘proq odamlar "eko" old qo‘shimchasi qo‘shilgan sayohatlarni afzal ko‘rishmoqda. Siz xorijdagi hashamatli mehmonxona yoki shinamgina uyda dam olasiz, shu bilan birga bolalarni mahalliy maktabda ingliz tiliga o‘qitasiz, fillarni parvarish qilasiz yoki meva fermasida nok terishga yordamlashasiz.

Barcha tabiiy narsalar qimmatlashmoqda, borgan sari ularning qadri oshmoqda, tabiat va an'analar saqlanib qolgan yer uchastkalari esa diqqatga sazovor joylarga aylanmoqda.

 

Uzoq yashaymiz

Tibbiy texnologiyalar asta-sekinlik bilan mutlaqo yangi darajaga ko‘tarilmoqda. Biz gadjetlar yordamida puls va  qand miqdorini o‘lchaymiz, shuningdek o‘z salomatligimizga oid ko‘rsatkichlarni smartfon ekranida ko‘rishimiz mumkin. Plastik operatsiyalarga bo‘lgan talab kamaymoqda, barcha amaliyotlar oddiy va deyarli og‘riqsiz inʼeksiyalar yordamida bajarilmoqda.

Vahima soluvchi tibbiy uskunalar asta-sekinlik bilan gadjetlar hajmigacha ixchamlashmoqda, funksiyalar soni esa o‘smoqda. Organizmni to‘liq tashxisdan o‘tkazish uchun shifokorga borish va bir talay tahlillar topshirishga hojat qolmaydi, mobil qurilmaning o‘zi yetarli bo‘ladi.

 

Har qanday predmetni chop etish mumkin bo‘ladi

Mashinalar detallari, musiqiy asboblar, mebel va hatto zamonaviy liboslar kolleksiyasi - 3D-printer ixtiro qilingandan beri unda nimalarni chop etishmadi deysiz. Masalan, Janubiy Kaliforniyada elektr energiyasi va suv ta'minoti bo‘lgan butun boshli uyni chop etishga qodir gigant printer mavjud.

Chop etiluvchi qurilish to‘liq yo‘lga qo‘yilgan va kelajakda istagan kishi uning yordamida o‘zi uchun dala hovli, mashina yoki qayiq yasab olishi mumkin. Buning uchun internetdan andoza yuklab olishning o‘zi kifoya qiladi.

 

Virtual reallik o‘quv darsliklari o‘rnini egallaydi

Siz tarixiy hodisaning markazida bo‘lishingiz, Katta portlashni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rishingiz yoki uydan chiqmay turib, boshqa mamlakatdagi universitet leksiyasini tinglashingiz mumkin bo‘ladi. Virtual reallik katta tezlik bilan rivojlanadi va kelajakda ta'lim sohasida qo‘llanadi.

Hissiyotlarga to‘la haqiqiy sayohat o‘rnini hech narsa bosa olmaydi, albatta. Biroq kun davomida bo‘sh vaqt topilib qolsa, nima uchun, masalan, Buyuk Britaniya yo‘llari bo‘ylab veloturga qo‘shilmaslik yoki Luvrdagi galereyaga tashrif buyurmaslik kerak?

 

Biz chiqindilarga bo‘lgan munosabatimizni o‘zgartiramiz

Asta-sekinlik bilan, lekin shu maqsad sari harakatlanmoqdamiz. Chiqindini saralash tizimi hozircha u qadar rivojlanmagan, ammo bunga albatta ko‘nikma hosil qilinadi. Bugunning o‘zidayoq maishiy texnika va kiyim-kechak do‘konlari eski buyumlarni almashtirishni taklif qilishmoqda. Borgan sari chiqindilarni qabul qilish va saralash punktlari ko‘paymoqda, ularni qayta ishlash ekologik va iqtisodiy nuqtai nazardan to‘g‘ri. Umuman, imkon bor!

 

Hamma joyda uchuvchisiz qurilmalar bo‘ladi

Dronlar pitssa va jo‘natmalarni tezroq hamda arzonroq yetkazadi, Tesla mashinalaridagi sun'iy intellekt esa insonga nisbatan yaxshiroq va xavfsizroq boshqaradi. Asta-sekinlik bilan boshqaruv to‘liq haydovchisiz qurilmalar tasarrufiga o‘tib, avtomatik ravishda amalga oshiriladi. Internet-do‘konlardagi o‘zingizga ma'qul kelgan tovarni "klik"laysiz va bir necha daqiqadan so‘ng kutilgan xaridingizni sizga topshirish uchun "vertolyotcha" eshik qoqadi. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, naqadar mukammal tizim!

 

80 yoshdan kichik kishilar saratonga chalinmaydi

Britaniyalik olimlar shunday xulosaga kelishdi. Ma'lum bo‘lishicha, 40 yoshdan boshlab aspirin dorisini bolalar dozasida qabul qilish saraton paydo bo‘lishining oldini olar ekan. Buyuk Britaniyada bu tajriba o‘z natijalarini ko‘rsatdi.

Preparatni 15 yil davomida kichik dozalarda qabul qilish kasallikka chalinish xavfini 7-9 foizga kamaytiradi, 20 yilda esa har qanday sababdan erta o‘lish holatini 4 foizga qisqartiradi.

Albatta, aspirin bilan davolanish g‘alati ko‘rinishi mumkin, biroq bu kashfiyot kasallikni tag-tugi bilan yo‘q qiluvchi boshqa preparatlarni ishlab chiqishga turtki berishi mumkin.

 

Biz elektromobillarga o‘tamiz

Biz asta-sekinlik bilan havoni ifloslantiruvchi sershovqin mashinalardan uzoqlashib, elektrodvigatellar sari qadam tashlamoqdamiz. Odamlar elektromobillarning nafaqat ekologik va xavfsiz, balki "aqlliroq" ham ekanini tushuna boshlashmoqda.

Asosiy muammo shundaki, dunyoning aksariyat qismi hali bu mashinalarga moslashmagan. Biroq ba'zi mamlakatlarda elektromobillarni zaryadlovchi stansiyalar qurilishi yo‘lga qo‘yilmoqda, bunday harakatlanish vositalari narxi esa pasaymoqda.

 

Sport bilan shug‘ullanish yengillashadi

Gadjetlar egalari hozirning o‘zidayoq bosgan qadamlarini o‘lchashlari, o‘z harakat faolliklarini baholashlari va kaloriyalarni hisoblashlari mumkin. Deyarli har bir insonning cho‘ntagida mashqlar dasturi va parhez tuzuvchi shaxsiy murabbiyi bo‘ladi.

Borgan sayin sog‘lom turmush tarziga qiziqish nafaqat trend, balki hayot tarziga aylanib bormoqda. Kelajakda spirtli ichimliklar iste'moli va tamaki chekish urf bo‘lmaydi, fastfud esa eskirgan sarqit kabi ko‘rinadi.

 

Yer aholisi shiddat bilan ko‘paymoqda

Yaqinda BMT sayyoramizning 2050 yilga borib aholisi o‘sishiga oid prognozini taqdim etdi. Unga ko‘ra, Yer aholisi 2,5 milliard kishiga ko‘payadi, ya'ni 7,5 milliarddan 9,7 milliard kishigacha. Bunday prognozga ikki omil ta'sir qildi:

1. Tibbiyotning rivojlanishi. Yangi preparatlarning ixtiro qilinishi va zamonaviy tibbiyot uskunalari hayot davomiyligi va sifatini yuksaltirmoqda.

2. Sog‘lom hayot tarzi. Borgan sari zararli odatlar va nosog‘lom yeguliklardan uzoqlashib, sport bilan shug‘ullanishga qiziqayotgan kishilar soni oshib bormoqda.

 

Energiya arzon va qayta tiklanuvchi bo‘ladi

Yaqinda Energiya instituti tadqiqot o‘tkazdi, unga ko‘ra, 2050 yilda 80 foiz energiya qayta tiklanuvchi manbalardan olinadi. Gap tabiiy resurslar - quyosh nuri, suv va shamoldan foydalanuvchi generatorlarga o‘tish haqida bormoqda. Bunday texnologiyalar nisbatan kamxarj bo‘lib, ko‘proq ish o‘rinlari bilan ta'minlaydi va tabiat hamda bizning sog‘lig‘imizga ziyon yetkazmaydi.

Bugungi kunda ko‘p mamlakatlar qayta tiklanuvchi energiyaga o‘tmoqda. Shunday qilib, Germaniyada 74 foiz energiya qayta tiklanuvchi manbalardan olinadi. Ko‘plab mamlakatlar ushbu tendensiyaga amal qilmoqda. Stenford universiteti olimlari qanday qilib dunyoning 139 mamlakati elektr ta'minotiga doir ehtiyojlarini qayta tiklanuvchi manbalar hisobidan qondirishi mumkinligini ko‘rsatuvchi xaritani tuzishdi.

Teglar