2100 yilga kelib qanday sharoitda ishlaymiz?

  • 15:26 / 19.09.2018
  • 4559

So‘nggi 100, 50 va hatto 10 yil ichida ish sharoitlarida keskin o‘zgarishlar kuzatildi. Biroq mutaxassislar biz evolyutsiyaning ilk davrida ekanimiz, u qanday, qayerda va qachon ishlashimizni butkul o‘zgartirib yuborishini ta'kidlashmoqda. Futurologlar prognozlari quyidagilardan iborat.

Nafaqaga chiqish tushunchasi eskiradi

Future Navigator konsalting agentligi ta'sischi-hamkori Lizelotta Lingso texnologiyalar rivojlanishi sabab inson mehnatining unumdorligi robotlarnikiga taqqoslaganda kamroq deya hisoblanishini aytmoqda. Natijada odamlar kompyuterlar kuchi yetmaydigan ijodiy yechimlarni izlashni boshlaydilar. “Mashinalar o‘zining mashinaga xos ishini yana uzoq yillar davomida a'lo darajada bajaradi, odamlar esa harakat qilishiga to‘g‘ri keladi,  - deydi Lingso. Salohiyatimizni to‘liq namoyish etish uchun individual qobiliyatlarimizni rivojlantiramiz”.

Foto: Unsplash

Lingsoning so‘zlariga ko‘ra, ish sharoitlari inson salohiyatini namoyish qilishga u qadar yordam bermaydi, shuning uchun kelajakda vaziyat o‘zgaradi. To‘qqizdan oltigacha bo‘lgan ish jadvali, an'anaviy ofislar, qat'iy korporativ iyerarxiya va nafaqaga chiqish tushunchasi o‘zgaradi.

 

“Avvalgi ish jadvali bo‘yicha ishlaymiz deb o‘ylamayman, - deydi Lingso. Nafaqa qayta o‘qish uchun vaqti-vaqti bilan tanaffuslarga almashtiriladi, odam hayot tarzi esa ishlash qobiliyatini uzaytirish uchun keskin o‘zgaradi”.

Standart nafaqa yoshi bo‘lmaydi – odamning o‘zi vaqti-vaqti bilan karerasida tanaffuslar qiladi. Hayot tarzingizga mos keladigan ish, masalan – qisman bandlik yoki shartnoma bilan ishlashni tanlash mumkin.

Xodim umumiy jamoaning foydaliligiga qarab tanlanadi

«Jamoada eng ko‘pi bilan 8-10 kishi bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, ikkita pitssa bilan to‘ydirish mumkin bo‘lgan miqdor. Bunday hajm innovatsion jamoa uchun optimal sanaladi, - deydi Lingso. – Avvallari odamlarni konveyerda bo‘lgani kabi aniq vazifalarni bajarish uchun tanlardik. Biroq bu yo‘l bilan xodimlardan maksimal unumdorlikka erishmaysiz. Kelajakda ishga olish umumiy jamoaning foydalilik darajasiga qarab amalga oshiriladi.

Foto: Unsplash

Lingso so‘zlariga qaraganda, yetuk sun'iy ong va algoritmlar jamoaning optimal sonini va tarkibini undagi xodimlar sifat hamda ko‘nikmalarini aniqlashda yordam beradi.

Jamoada tibbiy va oddiy sug‘urtaga o‘xshash bonuslar paydo bo‘ladi. Uning a'zolari esa yanada qulay bo‘lishi uchun birgalikda yoki yonma-yon yashaydilar.

Ishxonada ayollar soni ortadi

Zamonaviy ayollar erkaklarga qaraganda o‘qimishliroq, shuning uchun Lingsoning fikriga ko‘ra, ularning bandlik darajasi ortadi. Hozir u 46 foizni tashkil etadi, 2030 yilda esa erkak va ayollarning bir xil miqdori ish bilan band bo‘ladi.XXII asrda ishlaydigan ayollar ulushi 53 foizgacha ortadi.

Foto: Unsplash

Biroq Xalqaro iqtisodiy forum prognozlariga ko‘ra, 213 yil ichida erkak va ayollar maoshi o‘rtasidagi tafovut yo‘qoladi. 2100 yilda u 10 foiz darajasida qoladi. Lingsoning so‘zlariga ko‘ra, vaziyat o‘zgarishi uchun global madaniy o‘zgarishlar zarur.

Kam ishlab, ko‘proq hordiq chiqarish

Odamlar, birinchi navbatda, yashashga pul ishlash uchun emas, o‘z salohiyati va maqsadlariga erishish uchun ishlaganda unumdorlikni soat bilan o‘lchash ahmoqlik bo‘ladi. Futurolog Yesim Kunter texnik kashfiyotlar tufayli odamlar va nihoyat avvalgi avlodlarga qaraganda haftasiga kamroq ishlay oladilar, degan fikrda.

Foto: Unsplash

Kunter ilgari Toys R’ Us, Hasbro va LEGO kompaniyasida ishlagan, U hozir ham o‘yinchoq sanoatida faoliyat yuritib, bolalarga kelajak kasblariga tayyorlanish uchun vositalarni ishlab chiqishda yordam bermoqda. Uning fikriga ko‘ra, zamonaviy bolalar uchun texnologiyalar normaga aylandi, shuning uchun ular telefon va ijtimoiy tarmoqlarga ko‘p chalg‘imay, muvozanatga intilishadi.

Natijada Kunter prognozlariga ko‘ra, 2030 yilda o‘rtacha ish haftasi 36 soatga qisqaradi, 2100 yilga kelib esa 30 soatgacha kamayadi.

Yetakchi tushunchasi o‘zgaradi

Lingso odamlar kelajakda iyerarxiyasi qat'iy belgilangan yirik kompaniyalarda emas, asosan kichik, markazlashmagan jamoalarda ishlaydilar,deya fikrlamoqda. Shuning uchun yetakchi tushunchasi u qadar aniq bo‘lmaydi.

Foto: Unsplash

Kunter esa ko‘pchilik an'anaviy kompaniyalarda ishlaydilar,deya hisoblaydi. Biroq u ham yetakchilar yuqoridan turib tayinlanmaydi, ular o‘z-o‘zidan paydo bo‘ladi,degan fikrni qo‘llab-quvvatlaydi.

O‘zgarishlargina doimiy bo‘ladi

Futurologlarning har ikkisi ham o‘z prognozlariga ikkilanib qarashmoqda. Oxir-oqibat hammasi avlodlarga bog‘liq bo‘ladi. “Hozirda ota-onalar farzandlariga nisbatan ko‘p g‘amxo‘rlik qilishadi va bolalarga qat'iy jadval bo‘yicha vaqt ajratadilar. Shuning uchun bizga aniq ko‘rsatmalar kerak – deydi Kunter. Hozir bizga ochiqroq va tabiiyroq ish ekotizimiga qarab harakatlanayotgandek tuyulsa-da, balki kelajak avlodga bu yoqmasligi va yanada tarkiblashgan tizim talab etilishi mumkin”.

Foto: Unsplash

Lingso esa keskin o‘zgarishlar yuz bersa ham buning uchun ko‘p vaqt talab etiladi, degan fikrda.

“Ish vaqti va mehnat sharoitlarining yangi tizimini qabul qilish uchun bir necha avlodlar kerak bo‘ldi, oxir-oqibat ular mazkur tizimga moslasha olishdi, - dedi Lingso. Hozir biz ham aynan shunday bosqichni boshdan o‘tkazyapmiz. Uni haqiqatan ham amalga oshirish uchun kamida bitta avlod talab etiladi”.