25-kadr – afsonami yoki psixologik qurol?

  • 22:39 / 09.11.2019
  • 499

Reklamada ongostiga ta’sir qiluvchi va odamlarni xarid qilishga undovchi 25-kadr ishlatilishi haqida afsona yuradi. AQSh prezidenti saylovoldi kampaniyasida bu texnologiyani qo‘llagani haqidagi mish-mishlar ham yo‘q emas. Quyida 25-kadr rostdan ham odamlarga ta’sir qiladimi-yo‘qmi, aniqlaymiz.

Afsona qayerdan kelib chiqqan? 

Gap shundaki, inson ko‘zi sekundiga 24ta kadrni ko‘ra oladi. Sirli yigirma beshinchi kadr ongostiga ta’sir qilishga mo‘ljallangan deyiladi. Aslida, u yashirin emas, shunchaki boshqa kadrlar bilan qo‘shilib ketadi va ko‘rinmaydi. Uning ta’siri Amerika psixologlar assotsiatsiyasi tomonidan inkor qilingan.
 
“25-kadr effekti” mavzusi nashrlarda ko‘p bora tilga olinadi. Shunga qaramay, uning odam hissiyotlariga ta’siri ko‘p bora inkor etilgan. Ammo bu hodisaning realligi hamon OAVda takrorlanishda davom etmoqda. Bundan tashqari, bir qator mamlakatlarda television reklama roliklarini translyatsiya qilishda ushbu kadrdan foydalanish bo‘yicha taqiq mavjud. 

90-yillarda “sariq matbuot” ongosti reklamasi ta’siriga aholining qiziqishini oshirdi. Kasalliklardan davolovchi, til o‘rgatuvchi, ozishga yordam beruvchi yashirin kadrli videokassetalar paydo bo‘ldi. Keyinchalik bunday xabarlar hech qanday asosga ega emasligi va omma e’tiborini tortishga qaratilganligi ma’lum bo‘ldi. 

Mashhur “Pokemon” multseriali yaratuvchilari 25-kadrni qo‘llashda ayblandi, kichik teletomoshabinlardagi epilepsiya xurujlari bunga sabab qilib ko‘rsatildi. Keyinroq serialning 38-seriyasi ko‘rsatish uchun taqiqlandi. Bolalar ahvoli yomonlashuvi juda yorqin ranglar va dekoratsiyalarning tez almashinuvi tufayli, deb taxmin qilishdi yaratuvchilar. 

Vikeri eksperimenti haqida haqiqat

1957-yilda Jeyms Vikerining ma’lum qilishicha, u Nyu-Jersi shtati kinoteatrlarida tadqiqotlar o‘tkazgan, bunda tomoshabinlarga reklamali yashirin kadrlar ko‘rsatilgan. Qo‘shimcha proektor butun yoz ishlagan. Aholini pop-korn va koka-kola sotib olishga chaqirishgan.
 
Tadqiqot muallifining aytishicha, bu texnologiya kinoteatrlarda reklama qilingan mahsulotlarning sotuvi oshishiga olib kelgan. Bu ma’lumot OAV hamda olimlarni qiziqtirib qo‘ydi. Tadqiqot boshqa kinoteatrlarda takrorlandi, ammo ishtirokchilar ekranda taklif qilingan mahsulotlarni sotib olish xohishini sezishmagan. Ba’zi tashkilotlar Jeyms Vikeridan tadqiqotga oid ma’lumotlarni olishga harakat qilishgan, ammo u bunday axborotni berishdan bosh tortgan.
 
Nyu-Yorkdagi bir talaba Vikeri tadqiqoti haqida hisobot tayyorlagan – unda kinoteatr bir oy davomida 50 ming tomoshabinni qamrab ololmasligini qayd etgan. Bundan tashqari, intervyu davomida kinoteatr direktori o‘z muassasasida qo‘shimcha kadrli biror bir tadqiqot o‘tkazilmaganini aytgan.
 
1962-yilda Jeyms Vikeri tadqiqot va uning statistikasi soxtalashtirilganligini tan oldi. 

25-kadrga oid tadqiqotlar

Niderlandiyalik bir guruh olimlar yashirin reklamaning ongostiga ta’sirini inkor qilishdi. Tadqiqot rahbari Yoxan Karremans edi. Odam yashirin kadrlarni harakatga undovchi kuch sifatida idrok qilmasligi ma’lum bo‘ldi. Albatta, agar u psixik kasallikka ega odam bo‘lmasa. Sog‘lom odamning miyasi axborotni tanqidiy idrok qiladi. Tomoshabin mahsulotni baholaydi va uning kerak-kerakmasligi to‘g‘risida mustaqil qaror qabul qiladi.
 
Ko‘pchilik olimlarning xulosasiga ko‘ra, odamni quyidagi sabablarga ko‘ra 25-kard bilan “zombi”ga aylantirib bo‘lmaydi: 

• Qo‘shimcha tasvir to‘liq idrok qilinmaydi;
• Miya bunday axborotni qabul qilmaydi;
• Moslashuv jarayoni 25-kadrni uzatishdan ko‘ra sekin ro‘y beradi;
• Miyani har doim bir vaqtda bir nechta ta’sirlar qo‘zg‘atib turadi. Qaysi biri ustun bo‘lsa, miya shundan ta’sirlanadi. Shu tariqa, odam ekranda bo‘layotgan asosiy narsaga e’tibor qaratadi, yashirin tasvirga emas.