30 ta tilni biluvchi poliglot Dmitriy Petrovdan til o‘rganish borasida 9 maslahat

  • 21:09 / 07.11.2019
  • 1510

Xorijiy tilni o‘rganishda juda ko‘p usullar borligini bilamiz. Ulardan birini mashhur tilshunos Dmitriy Petrov ishlab chiqqan. U universitetda dars beradi, 30 ta tilda gaplasha oladi. Rossiyaning “Культура” telekanalida uzatiladigan “Полиглот” dasturi boshlovchisi sifatida ko‘pchilik orasida mashhur.
 
Petrov ko‘rsatuvi davomida o‘ziga yordam bergan bir necha foydali maslahatlarini taklif qiladi. Ulardan ba’zilari: 

1. Yosh bolaning yo‘lini bosib o‘ting
Bola kattalarni tinglab, ularni takrorlab, eng oddiy so‘zlardan gapirishni boshlaydi. U bir necha bosqichni bosib o‘tadi: avval o‘z ona tilini taniy boshlaydi, keyin unga ko‘nikadi, keyin qandaydir so‘zlar va jumlalarni tushuna boshlaydi va nihoyat ularni o‘zi talaffuz qiladi.
 
Yangi tilni o‘rganayotganda kattalar ham shu bosqichlarni bosib o‘tishi lozim. Nutq elementlarini tanish orqali ularni o‘zlashtirish, keyin esa talaffuz qilish imkoniyati paydo bo‘ladi. 

2. O‘rganish usulingizni aniqlang
Ba’zi odamlar yangi tilni eshitib idrok qilishlari qiyin, ammo hech qanday qiyinchiliksiz uning qoidalarini o‘zlashtiradilar – ular ko‘proq xorijiy tildagi nutqni eshitishlari lozim. Boshqalar esa gapirishdan qo‘rqishadi, ular bu to‘siqni yengib o‘tishlari kerak. Masalan, bir daqiqa davomida istagan mavzusida to‘xtamay gapirish mashqi ham ancha yordam beradi. 

pexels.com

Mashg‘ulotlar jadvalini tuzish va darsliklarga ko‘milishdan avval, siz qaysi tipga kirishingizni bilib oling. O‘zingizning ojiz tomonlaringizni aniqlang va ularni o‘z ustunligingizga aylantiring. 

3. Nafas olishda e’tiborli bo‘ling
Yangi so‘zlarni talaffuz qilishda paydo bo‘ladigan zo‘riqish nafas olishning o‘ziga xos usuli bilan bartaraf etiladi. Nafasni boshingizning eng yuqorisigacha olishingiz kerak. Nafas chiqarishda ham sekin chiqarish lozim. Sekin nafas chiqarish bilan yig‘ilib qolgan bosim kamayadi. 

4. Doimiy shug‘ullaning
Bu endi hech kimga sir bo‘lmay qoldi. Har kuni ikki soat shug‘ullansangiz bo‘ladi, ammo mashg‘ulotlarni kun davomida 10 – 15 daqiqalik qismlarga bo‘lsangiz samaraliroq bo‘ladi. Bunda odam charchab qolmaydi va yangi axborotni qabul qilish istagi so‘nmaydi. 

5. Obrazlarni qo‘llang
Ona tilingizda so‘zlar – harflar yig‘indisi emas, ma’lum bir vizual obrazlari bilan esga keladi. Demak, xorijiy tilni o‘rganishda shu prinsipga amal qilish kerak. Bog‘lanishlarni yaxshi qilolsangiz, yangi tilni o‘zlashtirishingiz ham oson bo‘ladi. 

6. Til egalari bilan muloqotda bo‘ling

Albatta, o‘sha mamlakatning o‘ziga borib, tilni o‘zlashtirish hammasidan ham yaxshi. O‘tkinchilarga murojaat qilib, yo‘lni so‘rash mumkin – aslida uni bilsangiz ham. Sayohat qilishga imkoningiz bo‘lmasa, internet va uning cheksiz imkoniyatlari sizning xizmatingizda.

Chet elliklar o‘z ona tilida qanday gaplashayotganini maqsadli ravishda tinglash foydalidir. Bunda ularning talaffuzi va urg‘usiga o‘xshatib gapirishga intilish lozim. Nutq apparatingizni sozlashingiz va to‘g‘ri talaffuz uchun kerakli muskullaringizni shug‘ullantirishingizga yordam beradi. 

7. Lug‘at boyligingizni doimiy ravishda kengaytirib boring
Bor-yo‘g‘i 300 – 400 ta so‘zni bilsangiz ham, chet ellik bilan oddiy gaplarni gaplasha olishingiz mumkin. Ammo to‘laqonli muloqot uchun yanayam ko‘proq bilishingiz lozim. Shuning uchun doimiy ravishda lug‘atingizni boyitib borishga harakat qiling. 

8. Xato qilishdan qo‘rqmang.
O‘zi umuman har qanday yangi narsani o‘rganishda bu prinsipga amal qilish lozim. Xatolardan qo‘rqadigan odam odatda hech narsa qilmaydi. 

9. Tilni chin dildan seving
Odatda til o‘rganishning birinchi bosqichida ish borasida ko‘proq imkoniyatlarga ega bo‘lish motivatsiya bo‘lib xizmat qiladi. Ammo rostdan ham yaxshi natijalarga erishishni xohlasangiz tilni sevishingiz lozim. Shunda darslar zerikarli ishga aylanib qolmaydi.