Joriy yil 24-aprel kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari — Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Q.Q.Toshiyev raisligida o‘zbek-qirg‘iz Davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi Hukumatlari delegatsiyalarining navbatdagi qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda bosh vazir matbuot xizmati xabar berdi.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston-Qirg‘iziston Davlat chegarasi loyiha chizig‘ining chegaraning oxirgi tartibga solinmagan uchastkasidan o‘tishi to‘g‘risidagi Bayonnoma hamda O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi o‘rtasidagi “Chashma” bulog‘idan birgalikda foydalanish to‘g‘risidagi Bitim loyihasining asosiy shartlari tasdiqlandi.
Tomonlar “Chashma” bulog‘i O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iz Respublikasi xalqlarining umumiy boyligi ekanini alohida ta’kidladi. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining ushbu buloqdan erkin va to‘siqsiz foydalanishi, o‘zbek tomoni buloqda shakllanadigan suv hajmining uchdan ikki qismidan foydalanishini ta’minlash hamda manbaning suv resurslari hajmi va sifatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan har qanday xatti-harakatlarni o‘zbek tomoni bilan muvofiqlashtirish to‘g‘risida kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, tomonlar do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik ruhida ikki mamlakat fuqarolarining “Chashma” bulog‘idan to‘laqonli foydalanishiga to‘sqinlik qiluvchi har qanday chora-tadbirlarga yo‘l qo‘ymaslikka kelishib oldi.
Tomonlar O‘zbekiston qisqa muddat ichida Respublikasi Hukumati va Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi o‘rtasida “Chashma” bulog‘idan birgalikda foydalanish to‘g‘risida bitim hamda O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi Davlat chegarasi uchastkasi to‘g‘risida shartnomani muvofiqlashtirish va imzolashga kelishib oldi.
Muzokaralar davomida o‘zbek-qirg‘iz Davlat chegarasi orqali ayrim o‘tkazish punktlarning holati va ish tartibi bo‘yicha umumiy pozitsiyalar ham kelishib olindi. O‘zbek-qirg‘iz Davlat chegarasi orqali fuqarolarning qatnovi va yuk tashishlarini sezilarli darajada yengillashtirishga yordam berayotgan o‘tkazish punktlari bo‘yicha umumiy yondashuvni ishlab chiqish yuzasidan o‘tkazilayotgan ikki tomonlama muzokaralarga yuqori baho berildi.
Ikki mamlakat fuqarolari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida 2004-yildagi O‘zbekiston-Qirg‘iziston Davlat chegarasidagi o‘tkazish punktlari to‘g‘risidagi bitimga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi bayonnomani imkon qadar tezroq imzolash muhimligi qayd etildi.
Tomonlar tez orada ikki mamlakat vakolatli organlari vakillaridan iborat ishchi guruhlarining uchrashuvini o‘tkazishga kelishib oldi.
Qabul qilingan qarorlar ikki qardosh davlatlar rahbarlarining O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasidagi Davlat chegarasini do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, tinchlik va hamjihatlik chegarasiga aylantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlariga to‘la mos keladi. Muzokaralar yakuni bo‘yicha tegishli Bayonnoma imzolandi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!