Bugun mamlakat fuqarolari harbiy holat e’lon qilishga uringani uchun lavozimidan chetlatilgan Yun Sok Yolning o‘rniga yangi prezidentni saylashadi.
Prezidentlik lavozimiga da’vogarlar ikki nafar: Li Chje Myon — “Toburo” demokratik partiyasi nomzodi hamda Kim Mun Su — “Xalq kuchi” konservativ partiyasidan nomzod (Yun Sok Yol ham shu partiya vakili edi).
“Saylovda Li favorit sanaladi, saylovoldi so‘rovnomalariga ko‘ra, u Kimdan 10-14 foiz oldinda bo‘lgan va saylovchilarning qariyb yarmi uni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan”, – deya xabar bermoqda BBC.
Saylov bir turda o‘tkaziladi, ya’ni qaysi nomzod ko‘proq ovoz to‘plasa, darhol Janubiy Koreyada prezidenti lavozimini egallaydi. Saylovda Li va Kimdan tashqari yana uch kishi prezidentlikka da’vogarlik qilmoqda, biroq so‘rovnomalarga ko‘ra, ularning g‘alaba uchun kurashish imkoniyati deyarli yo‘q.
Li Chje Myon 2022-yilda bo‘lib o‘tgan so‘nggi prezidentlik saylovida ham ishtirok etgan va Yun Sok Yolga bir foizdan kam farq bilan yutqazgan.
Prezident Yun Sok Yol o‘tgan yilning 3-dekabrida harbiylarga parlamentni nazorat qilishni buyurib, harbiy holat joriy etishga uringan edi. Mazkur harakat muvaffaqiyatsiz tugadi va mamlakatda chuqur siyosiy inqiroz yuzaga keldi.
14-dekabrda muxolifat hukmronlik qilayotgan Janubiy Koreya parlamenti Yunga impichment e’lon qilish uchun ovoz berdi, u 15-yanvarda ikkinchi urinishda hibsga olindi. 4-aprelda esa Konstitutsiyaviy sud impichmentni tasdiqladi, shundan so‘ng navbatdan tashqari prezidentlik saylovi o‘tkazilishi e’lon qilindi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!