O‘zbekiston rahbari butun O‘zbekiston yoshlarini qutlug‘ ayyom – Yoshlar kuni bilan samimiy muborakbod etdi.
“Keyingi yillarda iqtisodiyotimiz tez sur’atlar bilan o‘sib, barcha sohalarda imkoniyatlarimiz ortib borayotganida, hech shubhasiz, siz yoshlarning ham munosib hissangiz bor.
Bilagida kuch-g‘ayrat, har bir harakatida azmu shijoat jo‘sh urgan yigitlarimizni, bilim va odobda, aql-zakovatda tengsiz qizlarimizni ko‘rib, har qanday xalq, har qanday davlat bizga havas qilsa arziydi.
Katta-katta davlatlar, dunyoning eng nufuzli kompaniyalari bugun bizga nega ishonmoqda? Nega milliardlab dollar investitsiya kiritmoqda?
Bu, albatta, bejiz emas. Chunki, hamkorlarimiz yoshlarimizning ilm-fan, ta’lim, IT, madaniyat, san’at va sportdagi yutuqlarini ko‘rib, salohiyatimizga baho bermoqda, ertangi kunimiz poydevori mustahkam ekaniga ishonch hosil qilmoqda”, – dedi Prezident.
Mirziyoyev islohotlar boshlangan ilk kunlardanoq “ilm – tarbiya – innovatsiya” zanjirini yaratishga kirishilganini, bu harakatlar bugun aniq natijalar berayotganini qayd etdi.
Masalan, o‘tgan yili O‘zbekistonda yoshlari Top-500 talik oliygohlarga kirish bo‘yicha Markaziy Osiyoda 1-o‘rinni egallagan.
Bilimli yoshlar ilk bor Top-5 talikdagi oliygohlarga kirib, tarixiy natija qayd etgan.
Bugungi kunda 30 nafar yoshlar dunyoning Top-10 talik oliygohida, 500 nafari Top-100 va 1 ming 500 nafari Top-300 dan joy olgan nufuzli universitetlarda tahsil olayotgaligi ham ta’kidlandi.
Yaqinda butun O‘zbekistonda barchamiz uzoq kutgan katta futbol bayrami bo‘lib o‘tdi. O‘zbek xalqining 34 yillik orzusi ushaldi – milliy terma jamoa tarixda ilk bor jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
“Yaqin-yaqingacha umrini paxta dalasida o‘tkazgan oddiy oila farzandlari ilmda, sportda, boshqa sohalarda bunday yuksak marralarni egallashini tasavvur qilish ham qiyin edi.
Biz yoshlarimiz uchun sharoit yaratdik, ular bundan unumli foydalanib, baland cho‘qqilarni zabt etmoqda.
Birinchi va ikkinchi Renessansni buyuk alloma va mutafakkirlarimiz yaratgan bo‘lsa, bugun tarix navbatni sizlarga bermoqda.
Ishonchim komil, sizlar barcha sohalarda mamlakatimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishga qodirsiz. Sizlar Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari sifatida yangi tarix yaratadigan oltin avlodsiz!”, – dedi Prezident.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!