400 ming so‘mlik stipendiya miqdori qayta ko‘rib chiqilishi mumkin — Oliy ta'lim vazirligi

  • 09:31 / 11.09.2019
  • 1337

10-sentyabr Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi anjumanlar zalida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri o‘rinbosari Sarvar Buzrukxonov, bosh boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov, boshqarma boshlig‘i Maqsud Hamroev va universitet rektorlari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqida agentlik rasmiy sayti xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, qat'iylashtirilgan 400 ming so‘mlik stipendiya davlat byudjeti asosida o‘qiydiganlar uchun ham, kontraktda o‘qiydiganlarga ham joriy etiladi.

“Yangi stipendiyali va stipendiyasiz o‘qish tizimi sentyabr' oyidan to‘liq ishga tushadi, — dedi Sarvar Buzrukxonov. — «4» va «5» bahoga o‘qigan davlat byudjeti asosidagi talabalar uchun davlat byudjeti hisobidan 50 foizgacha rag‘batlantiruvchi mablag‘ ajratiladi”.

Kontrakt asosida o‘qiydigan talabalar «4» va «5» baholarga o‘zlashtirgan taqdirda esa ularga oliy ta'lim muassassida tashkil etiladigan jamg‘arma hisobidan 50 foizgacha (200 ming so‘mgacha) miqdorida rag‘batlantiruvchi mablag‘ ajratilishi ta'kidlandi. Bunday qo‘shimcha stipendiyani kimga berishni rektorlar hal qiladi.

Hozirda bitiruvchi kurs talabalariga eski tizim saqlab qolinadi, ya'ni ular avvalgidek «3», «4», «5»lik stipendiya olishadi.

Mutasaddilarning so‘zlariga ko‘ra, davlat grantida o‘qiyotgan talabalar agar semestr yakunida 30% dan ortiq fanlardan «3» baho olsa, kelgusi semestrda stipendiya olish huquqidan mahrum bo‘ladi.

Jurnalistlar bilan muloqot davomida Sarvar Buzrukxonov: “Jamoatchilik fikridan kelib chiqqan holda, qat'iylashtirilgan 400 ming so‘mlik stipendiya miqdori qayta ko‘rib chiqilishi mumkin”, deya qo‘shimcha qildi.