“42-modda” atrofidagi gaplar: Davlat tiliga oid Qonun loyihasi milliy ozchilikning huquqlarini toptaydimi?!

  • 09:10 / 27.04.2020
  • 245

Joriy yilning 25-aprelida Adliya vazirligi muallifligida “Davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmaslik”ka oid Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risidagi Qonun loyihasi ishlab chiqilgan va bu haqda Xabardor.uz sayti ham ma’lum qilgan edi.  

Mazkur Qonun loyihasi umumxalq muhokamasiga qo‘yilganidan so‘ng internet foydalanuvchilari o‘rtasida turlicha talqin qilina boshlandi.

Buning ortidan Adliya vazirligi OAV, blogerlar, shuningdek boshqa manfaatdor shaxslarni loyihani o‘zlaricha talqin qilib, jamoatchilik fikrini noto‘g‘ri o‘zanga burishga harakat qilmasliklarini so‘radi va O‘zbekiston jamoatchiligi oldidagi javobgarlikni unutmaslikka da’vat etdi.

O‘z o‘rnida mazkur loyiha haqida ijtimoiy tarmoqning mahalliy foydalanuvchilari va faollari ham o‘z mulohazalari bilan ishtirok etmoqdalar. Xususan, huquqshunos-bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev o‘zining Telegram’dagi kanalida “La’nati propaganda!” sarlavhali post qoldirdi.

Huquqshunos dastlab Qonun loyihasining mohiyati haqida to‘xtalib o‘tadi va loyiha matnidagi iboralarni sharhlab beradi. 

“Ana endi, shunday vaziyatda rus propaganda saytlari provakatsiya qilishni boshlab yubordi. Rossiyaning Regnum nashri “O‘zbekistonda davlat organlarida rus tilidan foydalanganlik uchun jarima belgilanadi” deb yozgan bo‘lsa, o‘zimizda faoliyat yuritadigan Vesti.uz sayti esa “O‘zbekistonda Pushkin tili uchun jarima qo‘llashmoqchi” deb e’lon qildi. Farqini sezyapsizmi?
Hukumat buyoqda davlat tashkilotlari "o‘zbek tilini hurmat qilsin" (!), demoqda, propagandachilar uyoqda “rus tiliga jarima solishmoqchi” demoqda”, deydi u bahsning asosiy qismiga o‘tib.

Xushnudbek Xudoyberdiyev O‘zbekiston fuqarosi sifatida har bir kishi “o‘z uyida o‘zining tilini himoya qilishga to‘la haqi bor”ligini ta’kidlaydi. 

Unga ko‘ra, “O‘zbekiston mustaqil davlat, o‘z tili, o‘z qadriyatlari, o‘z qonunlari va o‘zining tutgan yo‘liga ega. Davlat tashkilotlari va ularning mansabdorlari O‘zbekistonda yashar ekan, o‘zbek tilini hurmat qilishga majbur va hurmat qilmaganlik uchun kerak bo‘lsa jarimaga tortish kerak, bu juda to‘g‘ri qaror”.

Huquqshunos-bloger o‘z o‘rnida  Hukumat o‘zbek xalqini millatidan, tilidan, dinidan qat’i nazar O‘zbekiston fuqarolari tashkil etishini ham hech qachon unutmasligini va boshqa tillarda so‘zlashuvchi fuqarolarini hech qachon jarimaga tortmasligini ta’kidlar ekan, o‘z obunachilariga “turli gij-gijlovchi va aholi o‘rtasiga nifoq solishga qaratilgan xabarlardan ehtiyot bo‘lish”larini, “ularning maqsadi yurtimizda millatlararo notinchlikni keltirib chiqarishga harakat qilish bo‘lishi mumkin”ligini ta’kidlaydi.