5 daqiqada tayyor bo‘ladigan mayonez

  • 10:17 / 13.11.2014
  • 5589

Uyda tayyorlangan mahsulotlar foydaliroq va mazali ekanligiga shubha yo‘q. Bundan tashqari, mahsulot uyda tayyorlanganda, ichida nima borligini aniq bilib, zararli moddalarni iste'mol qilishdan xavotirlanmasa bo‘ladi. Bu, ayniqsa, mayonezga tegishli. 

Do‘konda sotiladigan mayonez saqlash muddatini bir oygacha uzaytiradigan ta'm kuchaytirgich va oziq qo‘shimchalar tufayli zararli bo‘lishi mumkin. Biroq baribir sousga talab kuchli: uni salatlar, gazaklar, ikkinchi taomlarga, hatto sho‘rvalarga ham qo‘shishadi. 

Mayonez kaloriyasi

Yog‘ hissasiga qarab mayonez:

yuqori kaloriyali — 55 foizdan ortiq, 

o‘rtacha kaloriyali — 40-50 foiz,

kam kaloriyali — 40 foizdan kamroq bo‘ladi.

Mayonezning yog‘lilik darajasi 67 foiz bo‘lgani ma'qul, ammo ba'zida 80 foizgacha ham yetadi. Uning kaloriyasi 100 grammda 800 kilokaloriyaga teng bo‘ladi. 

Bu sousni ko‘p iste'mol qilmaslik kerak. Ba'zida (iloji bo‘lganda) o‘rniga smetana yoki yengilroq mahsulotdan foydalangan ma'qul. 

Mayonezni uyda tayyorlash

Mayonez o‘rniga boshqa mahsulot ishlata olmasangiz, uni mustaqil tayyorlashga urinib ko‘ring. Shunda unda hech qanday zararli qo‘shimchalar yo‘qligiga ishonchingiz komil bo‘ladi. Qolaversa, u shunchalik mazali chiqadiki, do‘kon mayonezini xohlamay qolasiz. 

Uyda tayyorlanadigan mayonezning yagona kamchiligi — sovutkichda uzoq saqlab bo‘lmasligi. Uzog‘i bilan 7-10 kun saqlash mumkin. Ammo uni tayyorlashga 5-10 daqiqa vaqt ketishini hisobga olsak, bu kamchilik unchalik katta emas. 

Mayonez tayyorlash sirlari

Uyda mayonez tayyorlayotganda, ayrim nozik jihatlarni hisobga olish kerak, o‘shanda yaxshi natijaga erishasiz. 

1. Ishlatmoqchi bo‘layotgan mahsulotlaringizning hammasi xona haroratida bo‘lishiga ahamiyat bering. 

2. “To‘g‘ri” yog‘ tanlang. Eng ma'quli — rafinadlangan zaytun moyi. Uning o‘rniga kungaboqar moyi ishlatish mumkin, lekin albatta rafinadlangan bo‘lsin. Shuningdek, zaytun va boshqa moy aralashmasidan ham foydalanish mumkin.  

3. Yog‘ni aralashmaga 1 choy qoshiqdan, tinimsiz aralashtirib (yoki mikser bilan ko‘pchitib) turgan holda qo‘shish kerak. 

4. “Provansal” mayonezi xantal qo‘shib tayyorlanadi. Agar oddiy mayonez xohlasangiz, bu mahsulotni qo‘shmang. 

5. Agar uyda limon sharbati bo‘lmasa, o‘rniga uzum yoki olma sirkasi qo‘shish mumkin. 1 ta tuxumga 1 choy qoshiq sirka qo‘shish kerak, undan ko‘p emas. 

6. Mayonez quyuqroq chiqishini xohlasangiz, yana ozgina o‘simlik moyi qo‘shing. Agar mayonez, aksincha, haddan ortiq quyuq chiqqan bo‘lsa, 1-2 qoshiq iliq suv qo‘shib, aralashmani yana ozroq ko‘pchiting. 

Uyda tayyorlanadigan mayonez

Hech qanday ta'm qo‘shimchalari, bo‘yoqlar va qo‘shimcha mahsulotlar solmay tayyorlanadigan mayonez. Unga tuxum sarig‘i, o‘simlik moyi, tuz, xantal va limon sharbati kerak bo‘ladi. 

Kerakli mahsulotlar:

2 ta tuxum sarig‘i

250 ml o‘simlik moyi

Yarim choy qoshiq tuz

1 osh qoshiq limon sharbati

1-2 choy qoshiq xantal

Tayyorlash usuli:

1. Tuxum sarig‘i, tuz va shakarni aralashtiring. Mikserdan foydalansangiz ham bo‘ladi. Shakar va tuz butkul erib, bir xil massa hosil bo‘lguncha aralashtiring.

2. Asta-sekin o‘simlik moyini bir qoshiqdan quying. To‘xtatmay aralashtiring. 

3. Limon sharbati va xantal qo‘shing.

Bir xil, quyuq massa hosil bo‘lishi kerak. 

Tuxumsiz mayonez

Mayonez tarkibida albatta tuxum bo‘lishi kerak degan fikr bor, ammo bu sousni tuxum sarig‘isiz tayyorlash retseptlari ham mavjud. Sizga eng oddiy yo‘lini tavsiya qilamiz. Mayonez ta'mi yoqimli chiqadi, toblama, salat, buterbrodlarga juda mos. Besh daqiqada tayyor bo‘ladi. 

Kerakli mahsulotlar:

150 ml sut

300 ml o‘simlik moyi

1 osh qoshiq xantal

2-3 osh qoshiq limon sharbati

Ta'bga ko‘ra tuz

Tayyorlash usuli:

1. Sut va yog‘ni blender kosasida yoki boshqa chuqur idishda aralashtiring. Tuz va xantal qo‘shing. Yana ko‘pirtiring — aralashma emulsiyaga aylanishi kerak.

2. Shundan so‘ng limon sharbati qo‘shib, quyuqlashguncha ko‘pirtiring. 

Ta'bga ko‘ra bir chimdim shakar, limon sharbati o‘rniga sirka qo‘shish mumkin.

Teglar