666-Qaror: Endi nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida ham hijob taqiqlanishi mumkin

  • 11:21 / 23.02.2020
  • 2480

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi 2018-yil 27-martdagi 241-son qarori bilan tasdiqlangan Nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash tartibi to‘g‘risida nizomning “Litsenziya talablari va shartlari” bobi 5-bandiga quyidagi mazmundagi to‘qqizinchi – o‘ninchi xatboshilar qo‘shilishi mumkin.

“nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida ta’lim oluvchilar tomonidan pedagogik kengashning qarori bilan tasdiqlangan namunadagi formani kiyishda nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotining ustavida belgilangan talablarga rioya etish;

ta’lim oluvchilarning kiyimiga turli din va konfessiyalar hamda turli submadaniyatlarga mansublikni aks ettiruvchi elementlarni (hijob, kipa, kashaya, xoch va boshqalar) qo‘shishga hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlariga xos bo‘lgan harbiy va idoraviy formali kiyim-bosh kiyib yurishga yo‘l qo‘ymaslik, o‘g‘il bola ta’lim oluvchilarning tashkilotga tanasining ochiq qismiga tatuirovka tushirgan yoki pirsing qilgan, soqol qo‘ygan, sochi 2-3 santimetrdan uzun bo‘lgan va yorqin ranglarga bo‘yalgan holda kelishlariga, qiz bola ta’lim oluvchilarning tashkilotga tanasining ochiq qismiga tatuirovka tushirgan yoki pirsing qilgan, sochini yorqin ranglarga bo‘yagan, yuzini ko‘zga tashlanadigan darajada makiyaj qilgan, qulog‘iga bittadan ortiq sirg‘a taqqan, barmoqlariga uzuk taqqan, qo‘l tirnoqlarini bo‘yagan va uzun qilib o‘stirgan holda kelishlariga yo‘l qo‘ymaslik”.


Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining “Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 666-son qarori 3-band quyidagi tahrirda bayon etilishi nazarda tutilmoqda:

Unga ko‘ra, 2018/2019-o‘quv yilidan boshlab o‘quvchilarning davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasasiga tasdiqlangan shakllardagi maktab formasida kelishlari ixtiyoriy, 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab esa majburiy hisoblanadi. Nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari ta’lim oluvchilarining yagona shakldagi formasi namunasi esa ota-onalar bilan kelishgan holda nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti pedagogik kengashining qarori bilan tasdiqlanadi.


Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-dekabrdagi 1028-son qarori bilan tasdiqlangan Nodavlat umumta’lim tashkilotining namunaviy ustaviga quyidagi mazmundagi 19-1-19-5-bandlar qo‘shilmoqda:

“19-1. Ota-onalar bilan kelishgan holda nodavlat umumta’lim tashkiloti pedagogik kengashining qarori bilan ta’lim oluvchilar uchun yagona forma namunasi tasdiqlanadi.
Forma namunasi davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi namunasi bilan aynan bir xil bo‘lishi ham mumkin.

19-2. Ta’lim oluvchilar tomonidan formani kiyishda quyidagi talablarga rioya etilishi lozim:
kiyimlarning o‘ta tor yoki o‘ta keng bichimda bo‘lmasligi;
qizlar uchun yubkaning uzunligi tizzadan 5 – 15 sm pastda bo‘lishi;
o‘g‘il bolalar uchun shimning uzunligi oyoq to‘pig‘idan pastda bo‘lishi;
oyoq kiyimlar poshnasining 3 santimetrdan baland bo‘lmasligi;
ko‘ylakning eng yuqoridagi faqat bitta tugmasidan tashqari boshqa tugmalarning qadalgan bo‘lishi;
kiyimlarning toza va dazmollangan bo‘lishi.

19-3. Ta’lim oluvchilar nodavlat umumta’lim tashkiloti binosi ichida bosh kiyimsiz yurishlari lozim, tashkilotda o‘tkaziladigan turli tadbirlar jarayoni bundan mustasno.
O‘zbekiston Respublikasida aholi turli millat va diniy konfessiyalar vakillaridan iboratligi hamda majburiy umumiy o‘rta ta’lim dunyoviy xarakterga egaligi munosabati bilan ta’lim oluvchilarning formasiga turli din va konfessiyalar hamda turli submadaniyatlarga mansublikni aks ettiruvchi elementlarni (hijob, kipa, kashaya, xoch va boshqalar) qo‘shishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shuningdek, nodavlat umumta’lim tashkilotida:

o‘g‘il bola ta’lim oluvchilarning tashkilotga tanasining ochiq qismiga tatuirovka tushirgan yoki pirsing qilgan, soqol qo‘ygan, sochi 2-3 santimetrdan uzun bo‘lgan va yorqin ranglarga bo‘yalgan holda kelishlariga;

qiz bola ta’lim oluvchilarning tashkilotga tanasining ochiq qismiga tatuirovka tushirgan yoki pirsing qilgan, sochini yorqin ranglarga bo‘yagan, yuzini ko‘zga tashlanadigan darajada makiyaj qilgan, qulog‘iga bittadan ortiq sirg‘a taqqan, barmoqlariga uzuk taqqan, qo‘l tirnoqlarini bo‘yagan va uzun qilib o‘stirgan holda kelishlariga yo‘l qo‘yilmaydi.

19-4. Ob-havo sharoitidan kelib chiqib, ta’lim oluvchilar formaning nimchasini yoki kostyumini, ko‘ylakning yengi uzun yoki kalta shaklini ixtiyoriy ravishda kiyishlari mumkin. Shuningdek, qishki o‘qish davrida qizlarga yagona formaga mos shim kiyishga ruxsat beriladi.

19-5. Nodavlat umumta’lim tashkiloti pedagogik kengashi tomonidan tasdiqlangan forma namunaviy shakllarining rangli rasmlari va texnik ko‘rsatkichlari – matoning tarkibi va rangi haqidagi ma’lumotlar 1–6-sinflar va 7–11-sinflar kesimida nodavlat ta’lim tashkilotining barchaga ko‘rinarli joyiga osib qo‘yiladi”.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi muallifligidagi mazkur qaror loyihasi joriy yilning 8-martiga qadar quyidagi manzilda muhokamada bo‘ladi.