A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining Toshkent filiali ochiladi

  • 12:38 / 02.05.2020
  • 316

“A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti” Federal davlat byudjeti oliy ta’lim muassasasining Toshkent shahrida “A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti” Federal davlat byudjeti oliy ta’lim muassasasi filiali tashkil etiladi. Bu borada Prezident qarori loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi.

 Hujjat loyihasida belgilanishicha:

Filial Universitetning alohida tarkibiy bo‘linmasi – oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi;
Filial kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni hisobga olgan va kelishilgan holda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, shuningdek ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashni amalga oshiradi;
Filialda ta’lim O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Maktabgacha ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda Universitet tomonidan tasdiqlanadigan o‘quv reja va dasturlari asosida Rossiya Federatsiyasining ta’lim standartlariga muvofiq rus tilida, keyinchalik boshqa tillarda ham olib boriladi;
Filial kadrlar tayyorlashni kunduzgi ta’lim shaklida olib boradi, shuningdek sirtqi ta’lim shakli va aralash ta’lim shakllari (blended learning) ham qo‘llanishi mumkin;
Filialda ta’lim faoliyati 2020/2021 o‘quv yilidan O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan yo‘nalishlar va dasturlari asosida boshlanadi;
Abituriyentlarni qabul qilish va filial bitiruvchilarini attestatsiyadan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda Universitet tomonidan belgilangan talablar va qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi;
Filial bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasida oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan Universitetning belgilangan namunasidagi diplomi beriladi;
Filialning faoliyati O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.

Shuningdek, davlat granti asosida o‘qishni bitirgan Filial bitiruvchilari respublikaning davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida yoki ta’lim sohasi boshqaruv organlarida kamida 5 yil ishlash uchun taqsimlanishi belgilab qo‘yilmoqda.