AQSHda eng katta yuk sig‘imiga ega dron sinovdan o‘tkazildi

  • 21:42 / 02.09.2019
  • 508

Bugungi kunda jo‘natmalarni yetkazish bilan kuryerlar shug‘ullanishadi, ular buyurtmachilarga yetib borishlari uchun ko‘p sonli tirbandliklardan o‘tishiga to‘g‘ri keladi. Natijada odamlar o‘z buyurtmalarini  bir necha soatlab yoki kunlab kutishi mumkin, biroq tovarlarni  yetkazish  bo‘yicha osmonda uchadigan dronlar shug‘ullansa nima bo‘ladi? Amazon kompaniyasining jo‘natmalarni dronlar yordamida yuborish bo‘yicha tajribasi  shuni ko‘rsatdiki, buyurtmachilar o‘z tovarlarini  bir necha karra tezroq olishlari mumkin. Afsuski, buning uchun ishlatiladigan dronlar 3 kilogramdan ortiq yukni ko‘tara olmaydi, ammo AQSHda 225 kilogramgacha yuk sig‘imiga ega qurilma ixtiro qilishga ulgurishdi.

Yuk tashuvchi bu uchar qurilma Elroy Air kompaniyasi tomonidan yaratilmoqda va ikki yil oldin ixtirochilar  uning havoda 70 kilogramgacha yuk ko‘tara olishini ma‘lum qilishgandi. Ularning hisob-kitobiga ko‘ra akkumulyatorning bir martalik quvvati 300km masofani bosib o‘tishga yetardi va bu o‘sha vaqt uchun ancha yaxshi ko‘rsatkich edi. Shundan beri ixtirochilar bir joyda to‘xtab turishgani yo‘q – 2019-yilning avgustida qurilma o‘zining qanday uchishini namoyish qildi. 

Qanday qilib buyurtmani qabul qilish mumkin?

Elroy Air droni tashqi tomondan uncha katta bo‘lmagan yo‘lovchi samolyotiga o‘xshaydi.  Korpusning ikki tomoniga vertikal uchish va qo‘nish uchun uchtadan havo vinti o‘rnatilgan ikkita to‘sin o‘rnatilgan.  Oldinga harakatlanish uchun dron o‘zining orqa qismida joylashgan  qo‘shimcha  gorizontal  vintdan  foydalanadi.  Akkumulyator quvvati va gibrid dvigatelning qudrati (elektr toki+yoqilg‘i)  500 km masofani bosib o‘tish imkonini beradi.  
Avtomat qurilma korpusining og‘irligi 551 kilogramni tashkil qiladi. Korpus ostiga biriktirilgan yuk konteyneri 225 kilogramgacha og‘irlikdagi yukni ko‘tara olishi mumkin. Bu yirik jo‘natmalarni  olib borish hamda tabiiy ofat yuz bergan joylarga gumanitar yordam yetkazishga yordam beradi deya umid qilmoqda ixtirochilar. Dronning uchuvchisiz harakatlanishini hisobga olsak – bu anchagina zo‘r.  Bundan kelib chiqadiki, u odam boshqaruvi zaruratisiz kerakli joyga o‘zi  uchib bora oladi. 

Og‘ir yuklar uchun eng yaxshi dron

Ayni vaqtda  Elroy Air droni Kaliforniya shtatida joylashgan AQSHning “Kemp Roberts” Milliy gvardiyasi hududida sinovdan o‘tkazilmoqda. Birinchi sinovda qurilma faqatgina ucha olishini namoyish qildi.  Endi esa ixtirochilar oldida yana-da murakkabroq vazifalar turibdi.  Ular kamida apparatning uchish uchun mustaqil tarzda yo‘nalish tanlash va va’da qilingan 225 kilogram yukni ko‘tara olish  imkoniyatini ko‘rsatishi kerak. 

Ko‘rinib turibdiki, kompaniya hali haqiqatdan ham ajabtovur biror narsa ko‘rsata olgani yo‘q. Biroq Elroy Air  loyihasi o‘z holicha qiziq va porloq kelajakka ega. Ixtirochilar  qurilmani mukammallshtirmoqchi va 2020-yildayoq sotuvga qo‘yishmoqchi. U ta‘riflashganidek bo‘lib chiqadi deb umid qilamiz.