AQSh ochiq osmon shartnomasidan chiqmoqchi. Rossiya bunga javob chorasini ko‘radi

  • 17:32 / 22.05.2020
  • 465

Donald Tramp AQSh Ochiq osmon bo‘yicha shartnomadan chiqib ketishini ma’lum qildi. Amerika prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Moskva ushbu kelishuv shartlariga rioya qilmagan.

“Menimcha, biz Rossiya bilan juda yaxshi munosabatlarga egamiz, ammo Rossiya kelishuvga to'liq rioya qilmadi” dedi u.

“Shuning uchun, ular shartlarga rioya qilmaguncha biz chiqib turamiz. Ammo yangi kelishuvga erishish yoki ushbu shartnomani yana kuchga kiritish uchun yaxshi imkoniyat mavjud”, deya qo‘shimcha qildi u.

Davlat kotibi Mayk Pompeo ham Tramp so‘zlarini tasdiqlab, AQSh olti oy ichida kelishuvdan chiqib ketishini aytdi. Shuningdek, u Rossiya shartlarga qayta amal qila boshlaganda Oq uy ushbu qarorni qayta ko‘rib chiqishi mumkinligini ta’kidladi.

Davlat kotibi Rossiyaning yillar davomida shartnomani turli yo‘llar bilan namoyishkorona va doimiy ravishda buzib kelishini ta’kidlab, uni shartnoma bo‘yicha parvozlarga ruxsat bermaslik yoki cheklamaslikda aybladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva Abxaziya va Janubiy Osetiya bilan chegaradosh bo‘lgan hududlar ustidan uchib, kuzatuv parvozini  amalga oshirishni taqiqlagan va Kaliningrad bo‘ylab parvozlar uchun noqonuniy cheklovlar o‘rnatgan.

Rossiya tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Aleksandr Grushko RIA’ga bergan intervyusida Moskva  shartnoma qoidalarini buzmaganligini aytib, AQSh ayblovini rad etdi.

“Qo‘shma Shtatlar tomonidan aytilayotgan  muammolarning muhokamasini davom ettirishga hech narsa to‘sqinlik qilmaydi”, dedi Grushko.

Rossiyaning Vena shahridagi xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili Mixail Ulyanov ham mazkur hodisaga munosabat bildirib, “shartnoma buzilmayapti. Aksincha, shartnomaga yigirma yil davomida qatiy amal qilindi va mintaqadagi harbiy sohaga bo‘lgan ishonchni ta’minladi”, dedi.

Davlat dumasining xalqaro ishlar bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Leonid Slutskiyning ta’kidlashicha, Rossiya AQShning Ochiq osmon bo‘yicha shartnomadan chiqib ketishiga javoban, milliy xavfsizlikni himoya qilish maqsadida zaruriy choralar ko‘radi.

“Albatta, Rossiyaning Amerika qadamlariga javob berish rejasi bor, garchi shartnoma ko‘p qirrali bo‘lsa ham, biz milliy xavfsizlikni himoya qilish maqsadida muvozanatli qaror qabul qilamiz”, dedi Slutskiy jurnalistlarga.

Eslatib o‘tamiz, Ochiq osmon bo‘yicha shartnoma (The Treaty on Open Skies) 1992-yil 24-martda imzolangan bo‘lib, hozirda 34 davlat ushbu shartnoma ishtirokchisi hisoblanadi.

Shartnoma qatnashchilari harbiy faoliyatni nazorat qilish maqsadida bir-birlarining hududlari ustida parvozlar amalga oshirishi mumkin.