AQShda yana bir qora tanli politsiyachi qo‘lidan o‘lim topdi. Bu safar politsiya boshlig‘i iste’fo berdi

  • 11:38 / 14.06.2020
  • 893

Atlanta shahri (Jorjiya shtati, AQSh) politsiya bo‘limi boshlig‘i Erik Shilds shahar fuqarosi, qora tanli Reyshard Bruks o‘limidan keyin iste’fo berdi. Bu haqida shahar meri Keysha Lens Bottoms “Atlanta in Town” nashriga bergan intervyusida ma’lum qilgan. 

Bottomsning so‘zlariga ko‘ra, ushbu qadam shaharga olg‘a siljish va odamlarning barcha tashkilotlarga bo‘lgan ishonchini qaytarish imkonini beradi. Shilds esa shahar politsiyasida ishlashda davom etadi, lekin boshqa lavozimda. Shahar boshlig‘i marhum Bruksning yaqinlariga o‘z hamdardligini bildirgan.

Juma kuni (11-iyun) kechqurun xavfsizlik xodimlari navbatdagi chaqiriq bo‘yicha Atlanta markazidagi restoranlardan biriga borishadi. 27 yoshli afroamerikalik Reyshard Bruks avtomobilda uxlab qolgandi. Uning mashinasi yo‘lakda turar va boshqalarga xalal berayotgandi. Politsiyachilar uni qo‘lga olishga urinishadi, biroq Bruks qarshilik ko‘rsatib, ulardan elektroshokerni tortib oladi. Janjal ortidan xavfsizlik xodimi unga qarata o‘q uzadi. So‘ng uni kasalxonaga olib ketishadi, lekin shifokorlar Bruksning hayotini saqlab qola olishmaydi. Keyinroq uning alkogol iste’mol qilish oqibatida mast holda bo‘lgani aniqlanadi. 

Mazkur voqea ortidan Atlantada noroziliklar boshlandi, deya xabar qilmoqda CNN. Namoyishchilar hokimiyatdan politsiyachilar tomonidan ortiqcha kuch ishlatilishini to‘xtatish, shuningdek, afroamerikaliklarning haq-huquqlariga amal qilinishini talab etishyapti.
Eslatib o‘tamiz, Jorj Floydning o‘limi sabab AQShning o‘nlab shaharlarida politsiya bilan to‘qnashuvlar va tartibsizliklarni keltirib chiqarayotgan ommaviy noroziliklar bo‘lib o‘tmoqda. Ayrim shaharlarda ular qo‘zg‘olon va talonchiliklar, otishma va o‘t qo‘yishgacha olib keldi. Namoyishchilar politsiya xodimlarining bu xatti-harakatini irqchilik deb baholashyapti.