Adliya vazirligi “snos” masalasida tushuntirish berdi

  • 18:16 / 13.02.2020
  • 274

Adliya vazirligi o‘z Telegram kanalida e’lon qilgan maqolasida “snos” va “o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joy” atamalarining farqini tushuntirib berdi.

“Snos” deganda fuqarolar va yuridik shaxslarga faqatgina qonuniy tartibda tegishli bo‘lgan yer uchastkasi yoki uning bir qismi olib qo‘yilishi va unga yarasha kompensatsiya berilishi tushuniladi. O‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylar uchun esa kompensatsiya to‘lanmaydi. Ya’ni yer egallab olingan hech bir holatda kompensatsiya to‘lanmaydi”, deya izoh berilgan maqolada.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, prezident tashabbusi bilan 2019-yil 1-mayga qadar o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga “amnistiya” e’lon qilingan va ushbu davrda 589 991 nafar fuqaroga o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylari uchun mulk huquqi berilgan. 
Eslatib o‘tamiz, Oliy Majlis quyi palatasi deputati Rasul Kusherbayev o‘zining Telegramdagi kanalida agar fuqaro qaysidir hokimlik yoki boshqa ma’muriy organning qaroriga asosan uy-joy, imorat, bino qurish uchun yer olgan bo‘lsa-yu, lekin keyinchalik bu yer kimlardir tomonidan noqonuniy, o‘zboshimcha egallab olingan, deb buzish talab qilinsa aslo buzish kerak emas, deb ta’kidlagandi