Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berish hududdagi harbiy harakatlar sabab ikki baravar kamaydi

  • 19:18 / 06.05.2020
  • 106

Nosozliklar tufayli Afg‘onistonga elektr energiyasi eksporti ikki baravar kamaydi, deyiladi “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ Axborot xizmati xabarida.

Kompaniyaning ma’lum qilishicha, joriy yilning 26-aprel kuni Afg‘oniston Islom Respublikasi hududidagi “Puli Xumri” va “Chimtala” podstansiyalari oralig‘idagi tarmoqlarga harbiy harakatlar tufayli zarar yetgan. Buning oqibatida Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berish amaliyoti 280 MVtdan “nol” qiymatga kamaygan.
 
Keyinroq ushbu nosozlik “Da Afghanistan Breshna Sherkat” (DABS) elektr tarmoqlari kompaniyasi tomonidan bartaraf etilib, eksport amaliyoti tiklangan edi.
  
“DABS” shirkatidan olingan oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, Afg‘oniston Islom Respublikasi hududida davom etayotgan harbiy harakatlar tufayli hozirda elektr uzatish tarmoqlarida yana bir qator nosozliklar kelib chiqqan. Kecha, 2020-yil 5-may kuni soat 14:50 dan boshlab Afg‘onistonga elektr energiyasi eksporti oy boshidan yetkazib berilayotgan (sutkalik o‘rtacha 1,4 mln. kVt/s) qiymatga nisbatan deyarli ikki baravar kamaygan. 

Elektr tarmoqlari kompaniyasi vakillaridan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, shikastlangan elektr tarmoqlarini tiklash uchun bir necha kun talab etiladi.

 Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi va Afg‘oniston Islom Respublikasi hukumatlararo kelishuvga asosan, “Da Afghanistan Breshna Sherkat” (DABS) va “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ o‘rtasida 2019-yil 25-dekabrda imzolangan shartnomaga muvofiq elektr energiyasi O‘zbekiston Respublikasidan Afg‘oniston Islom Respublikasiga muntazam ravishda yetkazib berilmoqda.