Aholi orasida koronavirus ko‘paymoqda. Bunga kim aybdor?

  • 12:03 / 30.05.2020
  • 1385

May oyining dastlabki kunlarida koronavirusga chalinganlar sonidan sog‘ayganlar ko‘rsatkichi ko‘payib bordi. COVID-19 yuqtirganlar ham faqat xorijdan kelganlar, ular bilan muloqotda bo‘lgan karantindagi shaxslarda aniqlanayotgandi. Hatto tuzalganlar jami bemorlarning 80 foizdan ortig‘ini tashkil qilib keldi. Vaziyat barqaror edi. Shu bois hukumat kun sayin karantin choralarini yumshatib bordi. Biroq so‘nggi kunlarda virus yuqtirganlar soni nafaqat oshdi, balki aholi orasida ham aniqlanyapti. Bu ancha havotirli, tashvishli vaziyat.

Eʼtibor bering, 20 mayga qadar aholi orasida virusga chalinganlar deyarli uchramayotgandi. Ammo shundan beri 30 may soat 10:00 gacha COVID-19 yuqtirib olganlar soni 621 nafarni tashkil qilib, ulardan 149 nafari aholi orasida aniqlangan va bu davom etayapti. Ayniqsa, Navoiy, Samarqand viloyatlari, nisbatan Toshkent shahrida kasallanganlar soni keskin oshib ketdi. Nega? Xo‘sh, bu nimani anglatadi? Davlat jilovni qo‘ldan chiqardimi yoki bunga odamlarning o‘zlari aybdormi? O‘zbekistonda koronavirus o‘chog‘i paydo bo‘ldimi?

Ko‘plar loqaydlikka berilgan

Shunchaki kimnidir aybdor qilish aslida, juda oson. Lekin kuzatyapmizki, so‘nggi paytlarda odamlar ancha hotirjamlikka berildi. Ko‘chalarga maqsadsiz chiqa boshlashdi. Ijtimoiy masofa saqlanmayapti. O‘zaro qarindosh-urug‘, oshna-og‘ayni bilan bordi-keldilar ko‘paydi. Sanitariya-gigiyena qoidalariga baʼzi hollarda amal qilinmayapti. Hatto bitta niqobni haftalab taqib yurgan fuqarolar ham yo‘q emas. Berilayotgan cheklovdagi erkinliklar noto‘g‘ri tushunilib, “virus menga yuqmaydi, bu menga taalluqli emas” deya beparvolikka yo‘l qo‘yganlar soni ortmoqda.

 Mana yaqinda ham bir tanishim aytib qoldi: uy oldi-sotdi hujjatlarini rasmiylashtirish uchun notariusga borgan ekan, odamlar ko‘p, navbat kutib turishibdi. Ijtimoiy masofani esa, unutib qo‘yishgan. Notarius binosiga kirish-chiqishda ham dizenfeksiya qilish, harorat o‘lchash kabi ishlar amalga oshirilmagan. Shunga o‘xshash korxona va tashkilotlarning loqaydlikka berilishi ham tashvishli holat, shunday emasmi?

– Aholi orasida kasallikning tarqalib ketishi, ochig‘i bizni ham juda havotirga solayapti, – deydi Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi bosh shifokori Malika Qudratxo‘jayeva Xabardor.uz muxbiri bilan suhbatda. – Odamlarning ko‘pchiligi bunga beʼetibor qarashni boshladi. Ko‘chalarda ham, eʼtibor bersangiz, ko‘pchilik niqobni burunlaridan pastga tushirib olishadi. O‘zi niqobni taqishdan maqsad nima? Virusdan himoyalanish emasmi?! Bu kasallik asosan nafas olish organi orqali yuqadi-ku! Shuni insonlar tushunishmayapti. Mana, yaqinda ham baʼzi yosh bolali ota-onalar o‘zlari niqob taqib, bolasiga taqmaganini aytib qolishdi. So‘rasa, bolaga yuqmas ekan-ku deyishibdi. Tushunyapsizmi, baʼzi odamlar haliyam buni to‘liq anglab yetishmayapti.

Chindan ham ko‘pchilik hali ongli ravishda COVID-19 pandemiyasi haqida chuqur tushunchaga ega emasdek. Ularga qarata “Ey, baraka topgurlar! Butun dunyo shu ofatdan aziyat chekmoqda. Odamlar qirilib ketyapti. Rivojlangan davlatlar ham shu kasallik oldida ojiz qoldi. Butun insoniyat ojiz qoldi. Hushyor bo‘l! Zaruratsiz ko‘chaga chiqma, uyda o‘tir! Ozroq sabr qil!”, deging keladi.

Hukumat va rahbarlar-chi?

Shu o‘rinda hukumat ham nazoratni biroz sustlashtirgandek. To‘g‘ri, iqtisodiy inqirozning oldini olish uchun bir qator erkinliklar berildi. Cheklovlar olib tashlanyapti. Biroq bu jilovni qo‘ldan chiqargandan keyingi oqibatlarini, shu jumladan, keltirib chiqaradigan iqtisodiy talofatlarni unutmaslik lozim. Aslida, davlat emas, hududlardagi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlari, u yerdagi koronavirusga qarshi kurashish choralarining to‘g‘ri tashkil etilmagani, xodimlarga to‘g‘ri tushuntirilmayotgani, sanitariya qoidalariga amal qilinmayotgani, go‘yoki yengilliklarni “kasallik tugadi” deb o‘ylayotganliklari ham sabab bo‘lmoqda. Xodimlar bemalol bir-birlari bilan qo‘l berib ko‘rishib, yaqin turib muloqot qilishmoqda. Qo‘lni tez-tez sovunlab yuvish, antiseptik vositalar bilan tozalab turish-ku allaqachon esdan chiqdi hisob.

-Toshkent shahri misolida olib aytadigan bo‘lsak, faoliyatiga ruxsat berilgan tashkilot, korxona va tadbirkorlik subeʼktlariga borib, ularga sanitariya qoidalari, unga rioya etish tartiblari, tashkilotda nimalar bo‘lishi, qanday choralar ko‘rish kerakligi bo‘yicha tushuntirish olib borganmiz, – deydi M. Qudratxo‘jayeva. – Shu bo‘yicha majburiyatlarga imzo qo‘ydirganmiz va har bitta tashkilotga ogohlantirish xatlari yuborilgan. Afsuski, ayrim korxona, muassasalardagi kasallikka qarshi kurashish, buning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarni yaxshi deb bo‘lmaydi. Vaziyatni to‘g‘ri baholab bunga amal qilayotganlari ham bor. Tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotganlar, mana masalan, ayrim savdo markazlariga borsangiz barcha karantin qoidalariga to‘la amal qilishadi. Shunga qaramay, baʼzi tadbirkorlar vaziyatga panja ortidan qarayapti-da. Mana shuning uchun ham pandemiyaning oldini olish biroz qiyin kechyapti.

Baʼzan o‘ylab qolasan, nahotki odamlar uchun o‘z sog‘ligi, hayoti shunchalik arzon bo‘lsa?! Nimaga boshqalar uning salomatligi uchun qayg‘uradi-yu, o‘zi esa bunga loqayd, beparvo! Buni tushunish uchun yana qancha yo‘qotishlar bo‘lishi kerak?! Oxiri baxayr bo‘lsin, ishqilib.

Erali Norbekov